Fuqarolar tomonidan bizga kelgan ma`lumotlarga qaraganda 2019 yil 1 yanvardan boshlab Namangan shahrida joylashgan avtomobillarga gaz quyish shoxobchalarida metan gazni narxi yana oshirilgani haqida murojaatlar kelib tushdi, deya xabar berdi O`zA ga O`zbekiston iste`molchilarni huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federasiyasi Namangan shahar bo`limi.
Ushbu murojaatlarga aniqlik kiritish maqsadida O`zbekiston iste`molchilarni huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federasiyasi Namangan shahar ijro etuvchi apparati ishchi guruh tuzib, Namangan shahrida joylashgan gaz quyish shoxobchalarida o`rganish o`tkazildi. O`rganish yakuni bo`yicha haqiqatdan ham Namangan shahri bo`yicha faqatgina 2 ta shoxobchada gaz 2100 so`mdan sotilayotgani, qolgan gaz quyish shoxobchalarida esa 1900 so`m va “Ezgu niyat sari“ MChJ gaz zapravkasida 1750 so`mdan sotilayotgani aniqlandi. Gaz narxini o`zboshimchalik bilan ko`tarib olgan shoxobcha rahbarlari bilan bayram bo`lgani uchun bog`lanib ma`lumot olishning imkoni bo`lmagan. Operatorlar, “Bizga rahbariyat tomonidan shunaqa topshiriq bo`ldi”, deb qutilib qolishgan.
2018 yil 24 noyabr kuni Moliya Vazirligini RUZ-68-2018-sonli buyrug`iga asosan 2100 so`mga oshgan gazni narxini 1900 so`mga tushirishga erishilgan edi. Agarda gaz narxini belgilangan narxdan oshirib sotiladigan gaz quyish shoxobchalari aniqlansa, Moliya vazirligining buyrug`iga asosan sanksiyalar qo`llanilishi haqida ogohlantirishlar berilgan edi. Oradan bir oydan ozgina vaqt o`tib, Namanganda “Gaz fueling station“ MChJ (xalq tili bilan aytganda teshik tosh) gaz zapravka 2018 yil 5 dekabrdan gaz narxini 2100 so`m, “Bog`ishamol Obod“ MChJ yangi yil kirib kelishi bilan gaz narxini 2100 so`mga ko`tarib olishgani aniqlandi.
"Biz bu masalaga aniqlik kiritamiz. Agarda yuqorida nomlari keltirilgan 2 ta zapravka gaz narxini arzonlashtirishmasa Moliya Vazirligiga holat yuzasidan bildirgi berib, sanksiya qo`llaniladi", deyiladi xabarda.
O`zA






