Paxta xom ashyosini etishtirishda tomchilatib sug`orish texnologiyalaridan keng foydalanish uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga oid kechiktirib bo`lmaydigan chora-tadbirlar to`g`risidagi Prezident qarori qabul qilindi.
Qaror bilan g`o`za etishtirishda tomchilatib sug`orish tizimini kengaytirishning ustuvor yo`nalishlari belgilandi.
Tomchilatib sug`orishni joriy qilganlar hamda ushbu tizimni ishlab chiqaruvchilarni quyidagicha qo`llab-quvvatlash belgilandi:
- byudjet mablag`idan tomchilatib sug`orish texnologiyalarini joriy qilish uchun har bir gektar erga 8 mln so`m subsidiya beriladi;
- Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qo`llab-quvvatlash davlat jamg`armasi hisobidan tomchilatib sug`orish tizimlarini qurish, ta`mirlash uchun ajratiladigan kredit bo`yicha foizlar banklar tomonidan belgilangan foiz stavkasidan bir gektarga 20 mln so`mdan oshmaydigan qismining 10 foizli punkti miqdorida qoplanadi;
- import shartnomalarini ekspertizadan o`tkazish va ro`yxatga olish talabi tomchilatib sug`orish texnologiyasini joriy etish bo`yicha tuziladigan import shartnomalariga qo`llanilmaydi;
- tomchilatib sug`orish texnologiyasini joriy etish uchun zarur bo`lgan butlovchi qismlar va xom ashyo 2021 yil 1 yanvargacha bojxona bojini to`lashdan ozod etiladi.
Qarorga muvofiq, Hukumatning suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etishga ko`maklashuvchi ishchi guruhlari tasdiqlandi.
Shuningdek, qaror bilan 2019-2020 yillarda paxta xom ashyosini etishtirishda tomchilatib sug`orish texnologiyasini joriy etish bo`yicha “Yo`l xaritasi” tasdiqlandi.
“Yo`l xaritasi” doirasida suvni tejaydigan texnologiyalarni qo`llagan holda paxta xom ashyosini ishlab chiqarishda foydalaniladigan suvda eruvchan mineral o`g`itlar ishlab chiqariladi.
2019 yil 1 noyabrgacha tomchilatib sug`orish texnologiyasini joriy etishdagi rag`batlantirishlarni ekinlarning boshqa turlariga ham tatbiq etish bo`yicha chora-tadbirlar amalga oshiriladi.






