2019 yilning 5 yanvar — 1 fevral kunlari Birlashgan Arab Amirliklarida bo`lib o`tadigan 17-Osiyo kubogi musobaqasi to`liq hajmda va jonli efirda namoyish etiladi. Bu haqda «Sport» telekanali direktori Zohid Karimov O`FA matbuot xizmatiga ma`lum qilgan.
Direktorning aytishicha, Fransiyaning «Lagardère» kompaniyasi orqali Osiyo kubogi musobaqasini translyasiya qilish huquqi qo`lga kiritilgan. Muxlislar Osiyo kubogi musobaqasidan o`rin olgan barcha 51ta uchrashuvni jonli efirda tomosha qilish imkoniyatiga ega bo`lishadi. Guruh bosqichining 3-turidan o`rin olgan parallel ravishda kechadigan o`yinlar esa Milliy teleradiokompaniya tarkibiga kiruvchi "UzHD" yoki "Mahalla" telekanali orqali namoyish qilinadi. "Sport" telekanali sharhlovchilari mazkur turnirdan o`rin olgan uchrashuvlarni bevosita stadiondan turib sharhlab borishlari rejalashtirilgan. Faqatgina mazkur masalaning texnik echimi kutilyapti.
Muxlislarga qulaylik tug`dirish maqsadida, jonli efirda namoyish qilingan uchrashuvlar ertasi kuni soat 08:00dan boshlab yana takroran namoyish qilinadi. Bundan tashqari, har kuni "Osiyo Kubogi kundaligi" berib boriladi. Ushbu dasturda barcha o`yinlarda kiritilgan gollar va e`tiborga molik vaziyatlar efirga uzatib boriladi.






