O`zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Astronomiya instituti nazariy astrofizika bo`limi boshlig`i, fizika-matematika fanlari doktori, professor Ahmedov Bobomurat Juraevich Butunjahon fanlar akademiyasi (The World Academy of Sciyences, TWAS) a`zoligiga saylandi. Bu haqida O`zbekiston Fanlar akademiyasi matbuot xizmati xabar berdi.
2018-yil 27-noyabr kuni Butunjahon fanlar akademiyasining Italiyaning Trieste shahrida bo`lib o`tgan 28-Bosh assambleyasida dunyoning 104 ta mamlakatidan 46 nafar yangi a`zolar saylangan, shular orasida O`zbekiston Respublikasidan B.J.Axmedov ham bor.
Ahmedov Bobomurat Juraevich – fizika-matematika fanlari doktori, professor, Astronomiya institutining nazariy astrofizika bo`limi boshlig`i, shuningdek, O`zbekiston Milliy Universiteti professori hamdir. Uning asosiy ilmiy ishlari gravitasiya nazariyasi, umumiy nisbiylik nazariyasi, relyativistik astrofizika va kompakt gravitasion ob`ektlar fizikasi sohasidadir. U gravitasiya nazariyasi, maydonlar nazariyasi, relyativistik va yadro astrofizikasi sohalarida yuqori ilmiy-pedagogik tajribaga ega va shu kungacha uning muallifligi va hammuallifligida 200 dan ortiq ilmiy ishlar chop etilgan.
Bobomurat Ahmedov – 2017-yilda ilmiy ishlariga eng ko`p havola qilingan muallif («Highly Cited Author», Web of Sciyence“), 2018 yilda esa “Yil olimi-2018” («Researcher of the Year», Scopus) hamda 2012 yilda “Mehnat shuhrati” ordeni bilan mukofotlangan. Shuningdek, u Markaziy Dehli Universitetining faxriy professori, Italiyaning Trieste shahridagi Xalqaro nazariy fizika markazining relyativistik astrofizika va gravitasiya sohasida mintaqaviy koordinatori, Hindistonning Universitetlararo astronomiya va astrofizika markazi va TATA fundamental tadqiqotlar institutining a`zosi hamdir. Bundan tashqari, olim CNR, DAAD, TWAS, ICTP, Volkswagen, Erasmus+ kabi bir qator nufuzli tashkilotlarning xalqaro grantlari rahbari va 20 dan ortiq xalqaro nufuzli ilmiy jurnallar taqrizchisi va "Arabian Journal of Mathematics" Springer ilmiy jurnalining redaktoridir.
Bobomurat Ahmedov O`zbekistonda relyativistik astrofizika sohasida yangi ilmiy maktab yaratgan bo`lib, u allaqachon xalqaro e`tirofga sazovor bo`lgan va ushbu maktabdan bir qator fan doktorlari va fan nomzodlari etishib chiqqan, ko`plab iste`dodli yosh olimlar tarbiyalanib kelmoqda.
TWAS akademiyasi 1983 yilda Nobel mukofoti laureati, nazariyotchi fizik olim Abdus Salam tashabbusi bilan dunyoda fan va texnikaning barqaror rivojlanishiga hissa qo`shish maqsadida tashkil etilgan. Uning a`zosi bo`lish – bu jahon miqyosidagi olim bo`lishni anglatadi.






