AsosiySiyosat

Shavkat Mirziyoyev Turkmanboshini Yangi yil bilan qutladi

'Shavkat Mirziyoyev Turkmanboshini Yangi yil bilan qutladi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 27 dekabr kuni Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov bilan telefon orqali muloqot qildi.

Suhbat avvalida davlat rahbarlari kirib kelayotgan Yangi yil bayrami munosabati bilan bir-birini qizg`in tabriklab, oliy darajada erishilgan kelishuvlarning bajarilishi va amaliy hamkorlik rivojlanishi natijalarini baholadilar.

Prezidentlar 2018 yil qardosh mamlakatlarimiz va xalqlarimiz o`rtasida do`stlik va ishonch, yaxshi qo`shnichilik va sheriklik munosabatlarini mustahkamlash davri bo`lganini ta`kidladilar.

Prezident Gurbanguli Berdimuhamedovning joriy yil aprel oyida O`zbekistonga amalga oshirgan davlat tashrifi samaralari hamda avgust oyida Avaza shahrida bo`lib o`tgan Orolni qutqarish xalqaro jamg`armasi doirasidagi uchrashuvlarning amaliy natijalari ikki tomonlama hamkorlik va mintaqaviy sheriklik rivojiga yangi sur`at bag`ishladi.

Toshkent va Ashxobodda muvaffaqiyatli o`tgan milliy ko`rgazma va biznes tadbirlari, Ishbilarmonlar kengashining tashkil etilgani tovar ayirboshlash hajmini oshirish hamda iqtisodiyotning turli tarmoqlarida kooperasiyani kuchaytirishga xizmat qildi.

Davlat rahbarlari mintaqaning tranzit salohiyatini ro`yobga chiqarishga qaratilgan loyihalarni ilgari surish muhimligini hamda faol hududlararo va madaniy-gumanitar aloqalar tarafdori ekanliklarini ta`kidladilar.

Do`stlik, yaxshi qo`shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada kengaytirishga tomonlarning intilishi mushtarak ekani qayd etildi.

Suhbat yakunida Prezidentlar yangi – 2019 yilda qardosh xalqlarimizga tinchlik, farovonlik va taraqqiyot tiladilar.

    Boshqa yangiliklar