O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 27 dekabr kuni Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdog`an bilan telefon orqali muloqot qildi.
Suhbat avvalida davlat rahbarlari Yangi yil kirib kelishi munosabati bilan xalqlarimizni qizg`in tabriklab, ko`p qirrali hamkorlikning istiqbollariga oid dolzarb masalalarni muhokama qildilar.
Yuqori darajadagi izchil aloqalar, o`tgan yili kuzda Anqaraga hamda joriy yilning bahorida Toshkentga amalga oshirilgan tarixiy tashriflar ikki tomonlama munosabatlarni sifat jihatidan yuqori darajaga olib chiqqani alohida ta`kidlandi.
Siyosiy sohadagi konstruktiv hamkorlik rivojlanmoqda. Parlamentlararo muloqot faollashdi.
Savdo-iqtisodiy, investisiyaviy, moliyaviy-texnik hamkorlik kengaymoqda. Eksport va import hajmi yuqori sur`atlar bilan o`smoqda.
Shahar, transport-logistika va turizm infratuzilmasini modernizasiya qilish, mamlakatimizda Turkiyaning etakchi kompaniyalari ishtirokida zamonaviy sanoat korxonalarini barpo etish bo`yicha qo`shma loyihalar amalga oshirilmoqda.
Madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlik rivojlanayotgani, ta`lim va sog`liqni saqlashda istiqbolli loyihalar amalga oshirilayotgani mamnuniyat bilan e`tirof etildi.
Suhbat yakunida davlatlar rahbarlari do`stlik va strategik sheriklikni rivojlantirish va mustahkamlash, mamlakatlarimiz o`rtasidagi o`zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirishga tayyor ekanliklarini yana bir bor tasdiqladilar.
Prezidentlar, shuningdek, yangi 2019 yilda qardosh O`zbekiston va Turkiya xalqlariga tinchlik, farovonlik va taraqqiyot tiladilar.






