AsosiySport

Ruslan Nuriddinov bilan bog`liq masalaga oydinlik kiritildi

'Ruslan Nuriddinov bilan bog`liq masalaga oydinlik kiritildi'ning rasmi

O`tgan hafta oxirlarida og`ir atletika bo`yicha O`zbekiston terma jamoasi a`zosi Ruslan Nuriddinovning qonidan ta`qiqlangan modda aniqlangani haqidagi xabar sport jamoatchiligi orasida katta shov-shuvlarga sabab bo`ldi.

Ayon bo`lishicha, milliy terma jamoamizning -105 kg. vazn toifasidagi atletidan 2012 yilgi London olimpiadasidan so`ng olingan qon tahlili qayta tekshiruv natijasida ijobiy chiqqan. Natijada sportchimiz vaqtincha musobaqalardan chetlatildi.

Ma`lumki, Nuriddinov Rio olimpiadasi va Jakartada o`tkazilgan Osiyo o`yinlari g`olibi, jahon va Osiyo chempioni, butunjahon Universiada o`yinlarining oltin medali sohibi, ko`p karra mamlakat chempioni sanaladi. London olimpiadasida Ruslan 4-o`rinni qo`lga kiritgan edi.

O`zA muxbiri ushbu holatga aniqlik kiritish maqsadida O`zbekiston og`ir atletika federasiyasining birinchi vise-prezidenti Shahrullo Mahmudovga murojaat qildi.

"Ochig`ini aytganda, ushbu holat bo`yicha Xalqaro olimpiya qo`mitasi yoki boshqa sport tashkilotlariga e`tiroz bildirganimiz bilan hech narsa o`zgarmaydi. Sababi, bu olti yil oldingi holat. Ruslanning asosiy sportchilik faoliyati esa 2013 yildan boshlangan. Shundan beri u og`ir atletika sportida qo`lga kiritishi mumkin bo`lgan barcha sovrinlarni, Osiyo chempionatidan tortib jahon chempionati, Universiada o`yinlari, Rio olimpiadasi va nihoyat oxirgi katta muvaffaqiyati Osiyo o`yinlari g`olibligini qo`lga kiritdi hamda musobaqa rekordini yangiladi. Mana shu yutuqlar va unvonlar sportchimizning o`zida saqlanib qolinganligi biz uchun katta natija aslida. Negaki bugun butun dunyoda doping bilan bog`liq muammoli holatlar bor. Ruslanning qonidan topilgan moddaga kelsak, sportchimizda testosteron moddasi me`yoridan yuqori ekanligi aniqlangan. Testosteron moddasi har bir insonning organizmida mavjud va bu ayniqsa ayni balog`atga etgan yoshlar, ya`ni yigitlarda faol darajada bo`ladi. Sportchimiz London olimpiadasidagi ishtirokidan keyin antidoping tekshiruvidan o`tgan va toza chiqqan. O`sha qon tahlillari muzlatib qo`yilgan holda qayta tekshiruvdan o`tgach, yuqoridagi muammolar kelib chiqdi. Ushbu masala bo`yicha VADAga murojaat qilganimizda bizga aytishdiki, hozir eng so`nggi va zamonaviy texnologiyalar yordamida qon tahlili qayta tekshiruvdan o`tkazilgan hamda Ruslanning qonida testosteron moddasi belgilangan me`yoridan ortiqligi aniqlangan. Qayta tekshiruvdan faqat O`zbekiston vakili emas, balki Ukraina, Belorus, Armaniston, Ozarbayjon, jami besh mamlakat sportchilari o`tkazilgan. Savol tug`ilishi mumkin – bu narsa kimga va nima uchun kerak bo`ldi, axir o`shanda Ruslan medal olmaganku, desak Xalqaro olimpiya qo`mitasi qayta tekshiruvdan hozir sportchilik faoliyatini davom ettirayotgan atletlar o`tkazilayotganligini ma`lum qildi. Biz mazkur holatni chuqur tahlil qilamiz, sportchimizning qonida qanday qilib testosteron moddasi miqdori me`yoridan oshib ketgan? Bilasizmi, testosteron moddasini sportchi iste`mol qilgan bioqo`shimchalar, hatto oddiy tabletkalar ham oshirib yuborishi mumkin. Testosteronning oshishi – bu quvvat oshishi degani. Oddiy qilib aytganda 20 yoshli erkakka qaraganda 35 yoshli erkakdagi testosteron moddasi miqdori kam bo`ladi. Ruslan o`sha paytda 21 yoshda bo`lgan, ya`ni testosteron moddasi eng yuqori bo`lgan holat. Sportda esa testosteron moddasining belgilangan miqdori – 407% deb belgilangan, agar shundan yuqori bo`lsa – bu kishida shubha uyg`otadi. Bu uzoq o`rganiladigan jarayon, darhol qaror qabul qilib bo`lmaydi. Shu o`rinda bir mulohazamni bildirmoqchi edim: Ruslan sportchi sifatida barcha musobaqani yutdi, ko`p bora O`zbekiston bayrog`ini yuqori ko`tardi, uning g`alabalari sharafiga madhiyamiz yangradi. Shu ma`noda hozirgi vaziyatda har xil gap-so`zlar bilan vatanimiz faxriga aylangan sportchimizni aslo ranjitib qo`ymasligimiz kerak. U ham inson, unda ham yurak bor. Ko`pchilik o`ylashdiki, bu Ruslan chempion bo`lgan davrdagi holat deb, yo`q, unday emas, bu atletimizning endi-endi katta sportga kirib kelayotgan davri. Shundan keyin Nuriddinov qancha musobaqada qatnashgan bo`lsa, bahslar boshlanishi oldidan va keyin albatta doping tekshiruvidan o`tgan va shu kungacha bironta salbiy holat kuzatilmagan. Men mamlakatimizda og`ir atletika sportiga mas`ul insonlardan biri sifatida aytmoqchiman, Ruslanning Riodagi g`alabasi tasodif emasligini Tokioda ham isbotlashi uchun uni qo`llab-quvvatlashimiz kerak. O`zbekiston og`ir atletika federasiyasi va mamlakatimizda sportga mas`ul bo`lgan mutasaddi tashkilotlar sportchimizni qo`llab-quvvatlaydi", - Shahrullo Mahmudov.

    Boshqa yangiliklar