AsosiyJamiyat

Markaziy harbiy klinik gospitalida 160 bemorga mo`ljallangan bino qayta ta`mirlandi

'Markaziy harbiy klinik gospitalida 160 bemorga mo`ljallangan bino qayta ta`mirlandi'ning rasmi

Mudofaa vazirligi Markaziy harbiy klinik gospitalining ichki kasalliklar bo`limi binosi foydalanishga topshirildi.

Mazkur binoda etti oy oldin kapital ta`mirlash ishlari boshlangan edi. Joriy oyda ta`mirlash ishlari yakuniga etib, kecha, 25 dekabr kuni binoning tantanali ochilish marosimi bo`lib o`tdi, deb xabar berdi vazirlik matbuot xizmati.

Unda Mudofaa vazirligi mas`ul xodimlari, nafaqadagi harbiy xizmatchilar va harbiy shifokorlar ishtirok etdi.

11 milliard so`mdan ortiq mablag` evaziga kapital ta`mirdan chiqqan ichki kasalliklar bo`limi binosi endilikda bir vaqtning o`zida 160 bemorni qabul qilib, ularga zarur muolajalarni ko`rsata oladi.

“Barchamiz yaxshi bilamiz, gospitalimiz Markaziy Osiyoda o`z o`rni va mavqeiga ega. Bu erda etuk malakali harbiy shifokorlar faoliyat yuritadi. Bugun foydalanishga topshirilayotgan ichki kasalliklar bo`limi ham tibbiy xizmatga ehtiyoj sezgan harbiy xizmatchilarning sog`ayib, tezroq jamiyat va armiya safiga qaytishlari uchun o`z hissasini qo`shishiga ishonamiz”, – deydi Mudofaa vazirligi tibbiy ta`minot boshqarmasi boshlig`i polkovnik Nosirjon Fozilov.

Zamonaviy va ilg`or texnologiyalar asosida ta`mirdan chiqqan ushbu binoda qishin-yozin bemorlarning mo``tadil havo iqlimda shifo topishi, sog`ligini tiklashi uchun qulayliklar yaratilgan.

Shinam va yorug` xonalar hamda madaniy hordiq chiqarish uchun tashkil etilgan mo``jaz kutubxona bemorlar ruhiyatining tiklanishida ancha asqotadi. Xona va zallarni bo`yashda ishlatilgan ranglar esa kishi ko`ngliga sokinlik ulashadi.

    Boshqa yangiliklar