Soliq kodeksiga kiritilgan qo`shimchalarga muvofiq, mavzuli ekspress-o`rganish soliq nazorat shakli sifatida kiritildi. Bu haqda «Huquqiy axborot» kanali xabar berdi.
Mavzuli ekspress-o`rganish kameral nazorat natijalari bo`yicha joyiga chiqqan holda soliq to`lovchi tomonidan taqdim etilgan axborotning ishonchliligini hamda soliq to`lovchining hisobotlarida aks ettirilgan soliq va bojxona imtiyozlarini qo`llashning qonuniyligini tasdiqlash uchun amalga oshiriladi.
Soliq tekshiruvlarining turlari sifatida quyidagilar belgilandi:
- tadbirkorlarning faoliyatini tekshirishlarni muvofiqlashtirish bo`yicha vakolatli organ bilan kelishuvga ko`ra o`tkaziladigan tekshiruvlar;
- vakolatli organni xabardor qilish tartibida o`tkaziladigan tekshiruvlar. Ilgari rejali va rejadan tashqari tekshiruvlar amalda bo`lgan.
Vakolatli organ bilan kelishuvga ko`ra o`tkaziladigan tekshiruvlar jumlasiga quyidagilar kiradi:
- moliya-xo`jalik faoliyatini tekshirish (taftish);
- jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari asosida o`tkaziladigan tekshirish yoki tavakkalchilikni tahlil etish natijalari bo`yicha davlat soliq xizmati organlari tashabbusiga ko`ra tekshirish.
Vakolatli organni xabardor qilish tartibida o`tkaziladigan tekshiruvlar jumlasiga quyidagilar kiradi:
- yuridik shaxs tugatilishi bilan o`tkaziladigan tekshirish;
- ruxsatnomalarsiz alkogol va tamaki mahsulotlarining ishlab chiqarilishi yoki realizasiya qilinishini tekshirish;
- qalbaki aksiz markali yoki aksiz markasi mavjud bo`lmagan alkogol va tamaki mahsulotlari ishlab chiqarilishini tekshirish;
- taqiqlangan tovarlar (xizmatlar) ishlab chiqarilishi va realizasiya qilinishi faktlariga barham berish bo`yicha tekshiruv;
- o`z faoliyatini rasman to`xtatib turgan davr mobaynida yakka tartibdagi tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishni davom ettirayotgan jismoniy shaxsning faoliyatini tekshirish.
Qonun 2019 yil 1 yanvardan e`tiboran kuchga kiradi.






