AsosiyJamiyat

​Samarqand viloyati hokimiga ochiq muloqotda 787 murojaat tushdi

'​Samarqand viloyati hokimiga ochiq muloqotda 787 murojaat tushdi'ning rasmi

23 dekabr kuni Samarqand viloyat teleradiokompaniyasida viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Erkinjon Turdimovning aholi bilan bevosita muloqoti o`tkazildi, deb xabar bermoqda viloyat hokimligi matbuot xizmati.

Viloyat rahbari jonli efir orqali fuqarolardan kelgan savollarga javob berishdan avval 2018 yildagi faoliyati va kelgusidagi vazifalari haqida to`xtalar ekan, aholi murojaatlari bilan ishlash, shu yo`nalishdagi ishlar samaradorligini yanada oshirish, aholini o`ylantirayotgan masalalarni chuqur o`rganish, mavjud kamchiliklarni bartaraf etishga alohida e`tibor qaratish, xalqimiz farovonligini yuksaltirish, qurilish, obodonlashtirish, ular uchun yanada qulay turmush sharoitlarini yaratish borasida keng ko`lamli ishlarni amalga oshirish lozimligini ta`kidladi.

Ikki soatlik muloqot davomida viloyat hokimi yuzlab aholining murojaatlarini tingladi. Fuqarolar tomonidan o`rtaga tashlangan masalalarni o`rganish va hal etish yuzasidan tegishli boshqarma, tashkilot va muassasalar rahbarlariga vazifalar yuklatildi. Aksariyat savollarga telestudiyaning o`zida javob qaytarildi va echim topildi.

- Ushbu bevosita ochiq muloqot o`tkazilishi haqida besh kun oldin viloyatimizdagi barcha ommaviy axborot vositalarida e`lon berildi, – deydi viloyat teleradiokompaniyasi bosh muharriri Mirzo Ixtiyorov. - O`tgan vaqt mobaynida ko`rsatuv chog`ida studiyadagi telefonlar va elektron manzillar orqali aholidan 800 ga yaqin savollar kelib tushdi. Savollarning aksariyatiga studiyaning o`zida viloyat hokimi tomonidan javob berildi va viloyatdagi tegishli boshqarma va idoralar rahbarlariga o`rganish uchun yuborildi.

- Bevosita muloqot chog`ida xalqimiz tomonidan bayon etilgan fikrlar, taklif va tashabbuslar fuqarolarimizning ijtimoiy faolligi oshib borayotganini ko`rsatdi, - dedi viloyat rahbari muloqot yakunida. – Demak, jamiyatdagi o`zgarishlarga aholi befarq emas. Savollarni tahlil qilar ekanmiz, eng ko`p murojaat kommunal xizmat, ayniqsa, tabiiy gaz etishmovchiligi, qurilish, sog`liqni saqlash, ijtimoiy ta`minot masalalari bilan bog`liq ekani ayon bo`ldi. Demak, mazkur idoralar vakillari, mutasaddilar xalqning dardini tinglashi, ularning tashvishini engillatishga harakat qilishi, aholi bilan to`g`ridan-to`g`ri muloqotni yo`lga qo`yib, zimmasidagi mas`uliyatni his qilib ishlashi lozim.

Muloqot yakunida viloyat rahbari barcha yurtdoshlarimizni kirib kelayotgan Yangi yil bilan qutlab, turmushimizda uchrayotgan muammolarni ko`tarib chiqqan, viloyat ijtimoiy-iqtisodiy yuksalishi uchun o`zining taklif va mulohazalarini faol bildirib kelayotgan samarqandliklarga o`z minnatdorchiligini bildirdi.

    Boshqa yangiliklar