AsosiyJamiyat

Ichki ishlar vazirligining bayrog`i va emblemasi namunalari tasdiqlandi

'Ichki ishlar vazirligining bayrog`i va emblemasi namunalari tasdiqlandi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti «O`zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining bayrog`i va emblemasi namunalarini tasdiqlash to`g`risida»gi farmonni imzoladi. Bu haqda O`zA xabar berdi.

Hujjat bilan O`zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining bayrog`i va emblemasi namunalari tasdiqlandi.

Belgilanishicha, bayroq va emblemani tayyorlash, foydalanish va saqlash tartibi O`zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri tomonidan tasdiqlanadi.

Mazkur farmonning ijrosini nazorat qilish O`zbekiston Respublikasi prezidenti Administrasiyasi rahbari Z.Sh.Nizomiddinov va O`zbekiston Respublikasi prezidenti maslahatchisining birinchi o`rinbosari B.M.Mavlonov zimmasiga yuklandi.

O`zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining bayrog`i tavsifiga ko`ra, O`zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi bayrog`i to`q kulrang to`g`riburchakli matodir.

Bayroqning old va orqa tomonlari markazida geraldik belgi – O`zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi emblemasi tasvirlangan. Emblema diametri 98 santimetrli aylana ichiga chizilgan.

Bayroqning uzunligi 250 santimetrga, kengligi 125 santimetrga teng. Bayroq boshqa o`lchamlarda ham bo`lishi mumkin, biroq barcha holatlarda bayroqning kengligi va uzunligi 1:2 nisbatda bo`lishi shart.

O`zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining geraldik belgisi – emblemasi tavsifiga ko`ra, O`zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi geraldik belgisi – emblemasi chetlari bronza rangda hoshiyalangan halqali to`q kumush aylana ko`rinishiga ega. Ichki chiziq markazida hayotiy kuchni ifodalovchi qizil rangli yo`l-yo`l chiziq tushirilgan.

Halqali chiziqning tepa qismida bronza rangli to`g`ri bosma harflarda lotin alifbosida «O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI», pastki qismida «ICHKI ISHLAR VAZIRLIGI» so`zlari yozilgan. Yozuvlar qat`iyat, matonat va shon-sharafni ifodalovchi ikkita sakkiz qirrali yulduz bilan bir-biridan ajratilgan.

Aylana o`rtasida Amir Temur qo`shinlari tomonidan foydalanilgan hamda ichki va tashqi tahdidlardan himoyani ifodalovchi doirasimon qalqon tasvirlangan. Qalqon markazida doira ichiga chizilgan o`ngga aylanishni aks ettiruvchi oktogramma bo`lib, u tartib, muvozanat va kamolotga etishishni anglatadi. Qalqon chetlari milliy ornament bilan bezatilgan.

Qalqon ortida – tig`i pastga qaratilgan va diagonal tarzda kesishgan ikki shamshir – kuch va himoyaning qadimiy ramzi joylashgan. Shamshirlarning dastasi O`zbekiston Respublikasi ichki ishlar organlari faoliyatining asosiy prinsiplari – qonuniylik, yagonalik, fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga rioya etish hamda hurmat qilish, ochiqlik va shaffoflikni ifodalovchi to`rtta hoshiyadan iborat.

Qalqon hoshiyasi grafit kulrang, shamshirlar kumushrangda.

Qalqon va shamshirlar ortida tilla rangda ishlangan, qanotlari yoyilgan, omad va baxt ramzi bo`lgan Xumo qushi tasvirlangan. Bunday joylashuv mamlakatda tinchlik va osoyishtalik himoyalanganligini, ichki ishlar organlari xalq manfaatlariga xizmat qilishini ifodalaydi.

Geraldik belgi bir rangli (siluet) tasvirda bajarilishi mumkin.

    Boshqa yangiliklar