2018 yil 24 dekabr kuni Toshkent viloyati FVV tezkor navbatchisidan olingan ma`lumotiga ko`ra, soat 16:00 larda Bo`stonliq tumani «Bildirsoy» MFY hududida joylashgan «Bildirsoy» sport majmuasining «Dor yo`lagi» (kanat yo`li) hududida 3 nafar fuqaro (M.M. 1994 y.t., M.M. 1999 y.t., M.S. 1999 y.t.) snoubord sport turi bilan shug`ullanish jarayonida, ta`qiqlangan xavfli hududda harakatlanishlari natijasida qor ko`chkisi yuzaga kelgan, oqibatda ular qor uyumlari ostida qolib vafot etganlar.
Voqea joyida Favqulodda vaziyatlar vazirligi qutqaruvchilari tomonidan olib borilgan tezkor qidiruv ishlari natijasida fuqarolarning jasadlari soat 19:05 da qor uyumlari ostidan olib chiqildi.
Sodir bo`lgan holat yuzasidan dastlabki surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Yuzaga kelishi mumkin bo`lgan baxtsiz hodisalarni oldini olish maqsadida O`zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi tog`li hududlarda xavfsizlik qoidalariga qat`iy rioya qilishingizni tavsiya etadi.
Qor ko`chkisida qanday harakat qilish kerak?
Qor ko`chkisi – bu katta hajmdagi qorning 20 – 30 m/s tezlida ko`chishiga yoki harakatlanishi.
Ko`chki tushishining ko`p zarar etkazadigan jihati bu ko`chkidan oldingi to`lqin hisoblanadi. O`zbekistonda qor ko`chkisi xavfi yuqori mavjud bo`lgan hududlar bu tog`li hududlardir.
Qor ko`chkisining paydo bo`lish sabablari: uzoq vaqt qor yog`ishi, kuchli qor erishi, zilzila, portlash va tog` yonbag`irlarining titrashi shular jumlasidandir.
O`zbekistonning iqlimi keskin o`zgaruvchan bo`lib, uzoq qor yog`ishi va keyingi kunda issiq haroratning kuzatilishi qor erishiga olib keladi.
Qor ko`chkisi ostida qolganda qanday harakatni bajarish lozim.
Burun va og`zingizni sharf yoxud bo`yinbog` bilan yoping; ko`chki bo`ylab harakatlaning, qo`lingizni suzish holati kabi harakatlanib ko`chkining sirtida ushlab turishga va tezlik past bo`lgan tomonga harakat qiling. Ko`chish to`xtaganda, yuz va ko`krak yaqinida bo`sh joy yaratishga intiling, u nafas olishga yordam beradi. Imkoningiz bo`lsa, yuqoriga qarab harakat qiling.
Ko`chki vaqtida baqirmang – sababi qor barcha tovushni o`z ichiga yutib yuboradi, bu kabi samarasiz harakatlar kislorod va issiqlikdan mahrum qiladi. Oqibatda, holdan toyasiz. Eng asosiysi xushingzni yo`qotmaslikka va uxlab qolmaslikka harakat qiling. Sizni qutqarishlariga va qidiruv ishlari olib borilyotganiga ishoning (bu kabi vaziyatlarda qor ko`chkisi ostidan besh hatto o`n uch kun muddatgacha insonlar qutqarib qolingan).
Turli xil baxtsiz hodislarning oldini olish maqsadida O`zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi tog`li hududlarda ayniqsa, taqiqlangan joylarda harakatlanmaslikni tavsiya etadi.






