Toshkentdagi “International Hotel Tashkent” mehmonxonasida Kasaba uyushmalari Umumkonfederasiyasi ijroiya qo`mitasining sayyor yig`ilishi bo`lib o`tdi.
Yig`ilishda O`zbekiston Kasaba uyushmalari federasiyasi rahbariyati va mas`ul xodimlari, tarmoq kasaba uyushmalari Respublika kengashlari va hududiy kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmalari rahbarlari, shuningdek, Kasaba uyushmalari Umumkonfederasiyasi ijroiya qo`mitasi rahbarlari va a`zolari, Armaniston, Belarus, Ozarbayjon, Tojikiston, Qirg`iziston kabi davlatlarning kasaba uyushmalari rahbarlari ishtirok etdi.
O`zbekiston Kasaba uyushmalari federasiyasi raisi Qudratilla Rafikov, Kasaba uyushmalari Umumkonfederasiyasi prezidenti Mixail Shmakov, Kasaba uyushmalari Umumkonfederasiyasi vise-prezidenti, MDH o`rmon xo`jaligi tarmoqlari xalqaro kasaba uyushmalari federasiyasi raisi Viktor Karnyushin va boshqalar kasaba uyushmalari faoliyatida xalqaro hamkorlikni yanada mustahkamlash inson huquq va manfaatlarining muhim omili ekanini ta`kidladi.
Bugungi kunda jamoa shartnomasida xodimlar ijtimoiy himoyasini ta`minlash maqsadida belgilangan tadbirlarni bajarish uchun respublika bo`yicha bir nafar xodimga sarflangan mablag` miqdori o`rtacha 2,9 million so`mni tashkil etmoqda. Xodimlar mehnatiga munosib ish haqi to`lanishi, xavfsiz mehnat sharoitlari yaratilishi, ular mehnati va salomatligini muhofaza qilish masalalari ham kasaba uyushmalarining doimiy diqqat markazida bo`lmoqda.
– Kasaba uyushmalari Umumkonfederasiyasi ijroiya qo`mitasining sayyor yig`ilishi mamlakatimizda o`tkazilishi katta ahamiyatga molik, – dedi O`zbekiston Kasaba uyushmalari federasiyasi matbuot xizmati rahbari Muhabbat O`rmonbekova. – Bu mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar va federasiya faoliyatiga berilgan yuqori bahodir.
Yig`ilish ishtirokchilari O`zbekiston Kasaba uyushmalari federasiyasi faoliyatining asosiy yo`nalishlari bilan batafsil tanishtirildi. Xususan, O`zbekiston kasaba uyushmalari tomonidan bevosita korxona, tashkilot va muassasalarda faoliyat ko`rsatayotgan xodimlar va ularning oila a`zolari ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, mehnat sohasidagi ijtimoiy sheriklikni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga urg`u berildi.
– O`zbekiston kasaba uyushmalarining qonun ijodkorligi sohasidagi ishtiroki, bandlikni ta`minlashga ko`maklashish, mehnatni muhofaza qilish, mehnatkashlar, ayniqsa, yoshlar va xotin-qizlarning ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlari va mehnat sohasidagi huquqlarini himoyalash, aholi bilan qayta aloqani yo`lga qo`yish yo`nalishlaridagi faoliyati diqqatga sazovordir, – dedi Kasaba uyushmalari Umumkonfederasiyasi bosh kotibi Vladimir Sherbakov. – Mamlakatingizda kasaba uyushmalariga birlashish erkinligi to`la ta`minlanayotgani, mehnat jamoalarida jamoa shartnomalarining amal qilayotgani, O`zbekiston Kasaba uyushmalari federasiyasining etakchi kasaba uyushma harakatlari bilan xalqaro hamkorligi rivojlanayotgani yaxshi samara beradi.
Kasaba uyushmalari Umumkonfederasiyasi ijroiya qo`mitasining sayyor yig`ilishida O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni Kasaba uyushmalari Umumkonfederasiyasining “Kasaba uyushma harakati oldidagi xizmatlari uchun” faxriy oltin nishoni bilan taqdirlash to`g`risidagi taklif kiritildi. Bu haqda O`zA xabar berdi.
O`zbekiston Respublikasi mehnatkashlarining ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlarini ta`minlash, umummilliy miqyosda ijtimoiy sheriklikni mustahkamlash, O`zbekiston kasaba uyushmalari nufuzini oshirish borasidagi ulkan hissasi uchun O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevni Kasaba uyushmalari Umumkonfederasiyasining “Kasaba uyushma harakati oldidagi xizmatlari uchun” faxriy oltin nishoni bilan taqdirlash to`g`risidagi taklif bir ovozdan qo`llab-quvvatlandi.
Sayyor yig`ilishda O`zbekiston Kasaba uyushmalari federasiyasini Kasaba uyushmalari Umumkonfederasiyasi a`zoligiga qabul qilish to`g`risidagi masala ham ko`rib chiqildi va ushbu masala bir ovozdan qo`llab-quvvatlanib, O`zbekiston Kasaba uyushmalari federasiyasi kasaba uyushmalari Umumkonfederasiyasi a`zoligiga qabul qilindi.






