AsosiyJamiyat

Ota-onalardan noqonuniy ravishda yozma kafolatlarning talab etilishi noto`g`ri

'Ota-onalardan noqonuniy ravishda yozma kafolatlarning talab etilishi noto`g`ri'ning rasmi

Ijtimoiy tarmoqda poytaxt maktablarining birida o`quvchilarning qishki ta`til kunlarida ota-onalardan farzandlarining o`zlarini qanday tutishlari kerakligi haqida talab qilingan kafolat xati surati tarqaldi.

Mazkur xatda ta`kidlanishicha, ota-onalar o`g`il-qizlarining kompyuter klublariga bormasligi, pirotexnika vositalarini sotib olmasligi, ulardan foydalanmasligi, shuningdek, jamoat tartibini buzmasligi, hamda guruh, ommaviy tartibbuzarliklarda qatnashmasligi, huquqbuzarlik, jinoyatchilik sodir etmasligini kafolatlaydi.

O`zbekiston Respublikasi Xalq ta`limi vazirligi maktablarda byurokratizmning namoyon bo`lishini hamda o`quvchilarning maktabdan tashqari vaqtidagi xatti-harakatlari bo`yicha ota-onalardan kafolat xati talab qilinishini qo`llab-quvvatlamaydi, deb ma`lum qildi vazirlik matbuot xizmati.

Ma`lumki, O`zbekiston Respublikasi Oila kodeksining 73-moddasida ota-onalar farzandlarini tarbiyalashga mas`ul ekanligi bayon etilgan. Ular farzandlarining salomatligi, aqliy, jismoniy, ma`naviy va axloqiy rivojlanishi uchun g`amxo`rlik qilishlari shart. Shu boisdan ham, ota-onalardan noqonuniy ravishda yozma kafolatlarning talab etilishi noto`g`ri hisoblanadi.

Yangi yilni osoyishtalikda kutib olish, maktab va xonadonlarda yong`in hamda texnika xavfsizligini ta`minlash maqsadida maktab rahbarlari, o`qituvchilar, shu bilan birga ota-onalar ham bolalar orasida pirotexnika bilan bog`liq ko`ngilsiz holatlar salbiy oqibatlarga olib kelishi haqida tushuntirish ishlari olib borishi kerak.

Xalq ta`limi vazirligi o`quvchilarning huquqiy madaniyatini yuksaltirish, o`smirlik davridagi inqirozlarni, shuningdek, jinoyatchilikni kelib chiqishini oldini olish, o`g`il-qizlarni axborot maydonidagi tahdidlardan ogohlantirish maktab o`qituvchilari va ota-onalarning doimiy burchi ekanligini ta`kidlaydi.

    Boshqa yangiliklar