AsosiyDunyo

Tojikistonda maktab qurgan tadbirkorlar soliqdan ozod qilinadi

'Tojikistonda maktab qurgan tadbirkorlar soliqdan ozod qilinadi'ning rasmi

Rudakiy tumanidagi bir qator qishloqlarning bolalari mahalliy tadbirkorlardan yangi yil sovg`asi oldi. Obi Shifo va Shahriston qishloqlarida tadbirkorlar tomonidan zamonaviy maktab qurildi. Maktablarning ochilish marosimida Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon ishtirok etdi.

Shahriston qishlog`idagi maktab binosi 21 million somoni evaziga tadbirkor Abduhalil G`ulomov tomonidan qurildi. O`quv binosi ikki smenada ta`lim oladigan 1280 o`quvchiga mo`ljallangan bo`lib, 22 ta sinfdan iborat. Yangi maktabda Shahriston, Mexan va Daryoobod qishloqlarining bolalari saboq oladi, deya xabar berdi Tojikiston Prezidentining matbuot xizmati.

Tadbirkor Abduhalil G`ulomovning ma`lum qilishicha, maktab qurilishi ehson bo`lib, u shu kabi zamonaviy maktabni Kulob mintaqasida ham qurishni niyat qilgan.

Obi Shifo qishlog`idagi boshqa bir maktab tadbirkor Nurshed Mashrabov mablag`lariga qurildi. O`tgan yili Emomali Rahmonning Rudakiy tumani aholisi bilan uchrashuvida Mashrabov maktab qurishga va`da berib, bir yilda inshootni qurib, foydalanishga topshirdi. Yangi 7-umumta`lim maktabi uch qavatdan iborat bo`lib, ikki smenada ta`lim oladigan 1280 nafar o`quvchiga mo`ljallangan.

Mahalliy tadbirkorlarning so`zlariga qaraganda, maktab qurilishida tadbirkorlar soliqlarning barcha turidan ozod qilindi. Tojikiston Soliq qo`mitasi o`z mablag`lari hisobidan maktab, bolalar bog`chasi, tibbiyot muassasalari, turar joy binolarini qurib davlat balansiga o`tkazgan shaxslarga nisbatan shu kabi imtiyozlar berilganini tasdiqladi.

    Boshqa yangiliklar