O`zbekiston IIV fuqarolarni Yangi yil shodiyonalarini ko`ngildagidek, shodu xurramlik bilan kutib olish uchun quyidagi yong`in xavfsizligi qoidalariga rioya qilishga chaqiradi:
- o`quv yurtlarda va tashkilotlarda archani binolarning 1-qavatidagi keng xonalarga o`rnatilishi, unda xonaning kamida ikkita chiqish joyi bo`lishi shart;
- o`tish joylarini sun`iy ravishda toraytirish, u erlarga qo`shimcha o`tirish uchun jihozlar o`rnatish va belgilangan me`yordan ko`p odamlar bilan xonalarni to`ldirish mumkin emas;
- muassasa rahbarlari tantana boshlanishi oldidan yoritgichlar sozligini, elektr sim va kabellar ulanishi «Elektr uskunalarini tuzilish qoidalari» asosida bajarilganligini, yong`inni o`chirishga mo`ljallangan birlamchi vositalari mavjudligini va ularni ishga yaroqliligini tekshirib ko`rishlari shart;
- Yangi yil bayram tadbirlari o`tkaziladigan ob`ektlarda archa mustahkam qilib o`rnatilishi, shoxlari devor va shiftlarga tegmasligi, sifat sertifikatiga ega bo`lmagan elektr girlyandalari va tez alangalanuvchi buyumlar bilan bezatilmasligi qattiq nazoratga olinishi zarur;
- archa qog`oz, selluloid o`yinchoqlar, paxta va tez yonuvchi materiallar bilan bezatilishi mumkin emas;
- archani isitish moslamalari yonida o`rnatmaslik kerak;
- bayram marosimlari vaqtida turli mushak va boshqa pirotexnika buyumlaridan foydalanish taqiqlanadi;
- bolalarni archa atrofida va archa o`rnatilgan xonada qarovsiz qoldirish hamda ularni tez yonuvchi materiallardan tayyorlangan kiyimlar bilan yasantirish mumkin emas;
- tadbir vaqtida ochiq olovdan foydalanish va shunga o`xshash yong`in yoki portlash xavfi bor ishlarni amalga oshirmaslik zarur;
- nosoz elektr o`chirgich, rozetka, turli maishiy elektr jihozlardan hamda tashqi himoya qobiqlari shikastlangan yoki zararlangan elektr sim va kabellardan foydalanish qat`iyan taqiqlanadi.
Xabarda agarda yong`in alomati sezilsa, avvalo yosh bolalarni xavfsiz joyga chiqarib, zudlik bilan “101” raqamiga qo`ng`iroq qilish so`ralgan.
Shuningdek, qishning sovuq kunlarida xonadonda yong`in chiqmasligi uchun nosoz gaz va elektr moslamalari hamda qo`lbola isitish uskunalaridan foydalanmaslik kerak.






