“Toshkent-AERO” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi xodimlari tomonidan poytaxtimiz aeroportida tilla va zargarlik buyumlarining noqonuniy olib o`tilishiga doir bir qator bojxona qoidabuzarliklari aniqlandi, deb xabar bermoqda qo`mita matubot xizmati.
Istanbulga serqatnov bo`lib qolgan ayollardan biriga bojxonachilarning ko`zini shamg`alat qilishga qaratilgan navbatdagi nayranggi naf bermadi. Fuqaro A.Z. ro`moli ostidan sochiga taqilgan rezinka ichiga ustalik bilan 200 gr. og`irlikdagi tilladan yasalgan zargarlik buyumlarini yashirgan ekan. Ularning taxminiy qiymati esa dastlabki hisob-kitoblarga ko`ra salkam 50 mln. so`mni tashkil etmoqda.
“Boku-Toshkent” reysi bo`yicha parvozini yakunlagan chet el fuqarolaridan biri V.G. yashil yo`lak orqali harakatlanayotib, bu bilan yonida cheklangan meyo`rlardan ortiqcha tovarlari yo`qligini ma`lum qiladi. Ammo, uning bezovtalanishi bojxonachilarni ushbu shaxsni sinchiklab ko`zdan kechirishga undadi.
Natijada, unga tegishli bagajda bojxona nazoratiga taqdim qilinmagan va bojxona xodimining og`zaki so`rovida aytilmagan salkam 152 gr. og`irlikdagi olmoslar bilan bezatilgan tilla taqinchoqlar yashirilganligi fosh bo`ldi. Dastlabki hisob-kitoblarga ko`ra, mazkur zargarlik buyumlarining umumiy qiymati 30 mln. so`mdan oshar ekan.
Ayni shu reys bilan uchib kelgan yana bir chet el fuqarosi A.A. ham yashil yo`lak orqali qiymati 16.4 mln. so`mlik 82 gr. og`irlikdagi qimmatbaho toshlar bilan bezatilgan tilla buyumlarini olib kirishga uringani fosh qilindi.
Hindistondan uchib kelgan poytaxtlik fuqaro U.G. esa belgilangan normalardan ortiqcha bo`lgan 181 gr. og`irlikdagi kumushdan ishlangan taqinchoqlarni olib kirayotgan vaqtida to`xtatib qolindi.
Raqamlarga murojaat qilsak, joriy yilning o`tgan davri mobaynida “Toshkent-AERO” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi xodimlari tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi boshqa idoralar vakillari bilan hamkorlikda aniqlangan 79 ta bojxona qonunbuzilish holatlarida qiymati salkam 2 mlrd. so`mlik 19,4 kg. og`irlikdagi tilla va zargarlik buyumlarining havo yo`llari orqali noqonuniy olib o`tilishiga chek qo`yilgan.
Hozirda yuqoridagi holatlar yuzasidan bojxona tekshiruvlari davom ettirilmoqda.






