AsosiyJamiyat

MIB "uddaburon" gaz o`g`risini fosh qildi

'MIB "uddaburon" gaz o`g`risini fosh qildi'ning rasmi

Joriy yilning 18 dekabr kuni Majburiy ijro byurosi Furqat tumani bo`limi, tuman Ichki ishlar bo`limi yong`in xavfsizligi bo`linmasi, favqulodda vaziyatlar bo`limi, ta`minot korxonasi va boshqa mas`ullar ishtirokida aholining is gazidan zaharlanishi va vafot etayotganliklari holatlarini oldini olish maqsadida tungi reydlar o`tkazilganida, ayrim iste`molchilar tomonidan qonun talablari buzilishi holatlariga yo`l qo`yayotganligi aniqlandi.

Xususan, o`tkazilgan nazorat tadbirlari davomida Furqat tumani Cheksuvaldoq qishlog`ida yashovchi U.T. yashash xonadoniga noqonuniy ravishda tabiiy gazni so`rib olishga mo`ljallangan rezina shlang orqali pilesos so`rg`ich o`rnatib olib tabiiy gazdan foydalanayotganligi, oqibatda uning yon atrofidagi qo`shnilarida tabiiy gaz mavjud emasligi ma`lum bo`ldi.

Holat yuzasidan qoidabuzarlik haqida dalolatnoma rasmiylashtirilib, gaz so`rg`ich ashyoviy dalil tariqasida olindi.

Afsuski, bu kabi holatlar shu qishloqda yashovchi yana 9 ta xonadonlarda ham aniqlangan.

Buni “boshqalar haqqiga xiyonat” deb nomlash mumkinmi?
Shuningdek, MIB Qo`qon shahar bo`limi, yong`in xavfsizligi bo`linmasi, hamda gaz ta`minoti korxonasi hamkorlikda o`tkazilgan nazorat tadbirlari jarayonida Furqat tumanidagi kabi tabiiy gazni so`rg`ichlar orqali tarmoqdan tortib olayotganliklari fosh etilgan.

Masalan, Qo`qon shahar Shayxon payon ko`chasida joylashgan masjid yonidagi gaz taqsimlash qutisiga “Xitoy” davlatida ishlab chiqarilgan “VORTEX 1500” rusumli yuqori quvvatga ega bo`lgan gaz so`rg`ich joylashtirib, boshqa ko`chalarga kirishi ko`zda tutilgan tabiiy gazni ham tarmoqdan tortib olib noqonuniy o`rnatib olingan ko`chada yashovchi aholi uchun olib ketilayotganligi aniqlangan.

Shu kabi holatlar shaharning Muqimiy, Parpashabof, A.Umarxon, Baxmalbof, To`g`onboshi ko`chalari va “Chorsu” to`yxonasi yonidagi ko`p qavatli uylarda ham aniqlandi.
Ushbu hududlarda yashovchi aholi bilan uchrashuvlar tashkillanib profilaktik suhbatlar o`tkazilgan va noqonuniy foydalanilgan gaz so`rg`ichlar ashyoviy dalil tariqasida olib qo`yilgan.

Rishton tumanida ham shunga o`xshash holatlar aniqlangan, biroq bunda ayrim fuqarolar tomonidan tabiiy gazni o`g`irlashning antiqa usulidan foylanayotganliklari fosh qilingan.

Xususan, joriy yilning 18 dekabr kuni Majburiy ijro byurosi Rishton tumani bo`limi boshqa xizmat ko`rsatuvchi idoralar vakillari ishtirokida tungi reydlar o`tkazishib, unda Rishton tumani Oq er mahallasida joylashgan choyxona qishki mavsum munosabati bilan qonuniy asoslarda tarmoqdan uzilgan bo`lishiga qaramasdan rezina shlang orqali devor orasidan yashirin yo`llar bilan tarmoqqa ulanib tabiiy gazdan “bepul” foydalanib kelayotganligi aniqlandi.

Xuddi shu kabi holat Zarariq qishlog`i Tursunzoda ko`chasida yashovchi fuqaro A.T.ning yashash xonadonida kuzatilib, u noqonuniy ravishda er ostiga ko`mib qo`yilgan gaz so`rg`ich orqali tarmoqdan to`g`ridan to`g`ri gazdan foydalanayotganligi ma`lum bo`ldi.

Quva tumanida boshqacha holat aniqlangan.

Xususan, tumanning Qayirma mahallasida yashovchi fuqaro S.I. “katta sarmoya” asosida qurilish ishlari olib borayotgan bo`lsada elektr energiyasi uchun mablag`i etarli emas ko`rinadi. Chunki, u qurilish ishlarini bajarishda foydalaniladigan barcha elektr qurilmalarini to`g`ridan to`g`ri tarmoqqa noqonuniy ulab olib foydalanayotganligi fosh qilindi.

    Boshqa yangiliklar