AsosiyJamiyat

Voyaga etmaganlarni zararli axborotlardan qanday himoya qilamiz?

'Voyaga etmaganlarni zararli axborotlardan qanday himoya qilamiz?'ning rasmi

Butun dunyoni qamrab olayotgan virtual hayot va globallashuv jarayonida axborot xurujining keng quloch yozishi mamlakatimizda ulg`ayib kelayotgan yosh avlod tarbiyasiga ham ta`sir qilmay qolmaydi. Global tarmoqning chegara bilmasligi foydali axborotlar bilan bir qatorda, nosog`lom mazmundagi axborotlarning ham tarqalishiga sabab bo`ladi. Bu esa o`sib kelayotgan yosh avlodning ma`naviyatiga ziyon etkazadi. Yoshlarni barkamol shaxs sifatida tarbiyalash nafaqat ota-ona, balki butun jamiyat uchun ham eng dolzarb va muhim masaladir. Mazkur masalani hal etishda yoshlarning ma`naviy-axloqiy tarbiyasiga alohida e`tibor qaratmoq darkor.

20-dekabr kuni O`zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashining «Yoshlar press klubi»da “Bolalarni zararli axborotlardan himoya qilish masalasida mutaxassislarning fikr-mulohazalarini eshitish va amaliyotga joriy etish maqsadida O`zbekiston yoshlar ittifoqi hamda Adliya vazirligi huzuridagi Huquqiy siyosat tadqiqot instituti hamkorligida «Voyaga etmaganlarni zararli axborotlardan himoya qilishda huquqiy immunitetning ahamiyati» mavzusidagi anjuman tashkil etildi. Unga mavzudan kelib chiqib, Adliya vazirligi huzuridagi Huquqiy siyosat tadqiqot instituti professorlari, Respublika ma`naviyat va ma`rifat markazi rahbarining birinchi o`rinbosari Muhammad Quronov, O`zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisi o`rinbosari Begmat Ochilovlar o`z ma`ruzalari bilan qatnashdi. Toshkent axborot texnologiyalari universiteti, Toshkent kimyo-texnologiya instituti, kasb-hunar kollejlari va maktab o`quvchilari kerakli mavzuda atroflicha ma`lumotga ega bo`lib, unga oid o`z fikr-mulohazalarini bildirishdi.

Anjumanda O`zbekiston Respublikasining «Bolalarni ularning sog`lig`iga zarur etkazuvchi axborotdan himoya qilish to`g`risida» qonuni, Prezidentimizning 2017-yil 11-avgustdagi «Matbuot va axborot sohasida boshqaruvni yanada takomillashtirish to`g`risida» farmoni, shuningdek, 2017-yil 13-sentyabrdagi «Kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ`ib qilish bo`yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi to`g`risida» qarori mazmun-mohiyati va ahamiyati haqida so`z yuritildi.

Muloqot davomida bolalarni ularning sog`lig`iga zarar etkazuvchi axborotdan himoya qilishni ta`minlovchi huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, tashkiliy va texnikaviy shart-sharoitlar yaratish, shuningdek ushbu sohadagi ilmiy va amaliy tadqiqotlarni rivojlantirish zarurligi ta`kidlandi.

— Voyaga etmaganlarni zararli axborotlardan himoya qilishda eng birinchi «Huquqiy immunitet»ni paydo qilish, bolalarda kitob mutolaasiga qiziqish uyg`otish, kitobxonlikni targ`ib etish, ma`naviy-ma`rifiy tadbirlarning sifatini oshirish, maktablarda «Huquq asoslari» fani salmog`i va sifatini oshirish, oila, maktab va jamoatchilik hamkorligini mustahkamlash lozim, - deydi O`zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisi o`rinbosari Begmat Ochilov.

Anjuman ishtirokchilari Huquqiy siyosat tadqiqot instituti tomonidan «Bolalarni ularning sog`lig`iga zarar etkazuvchi axborotdan himoya qilish to`g`risida» Qonun ijrosi yuzasidan umumta`lim maktablari o`qituvchilari o`rtasida o`tkazilgan sosiologik tadqiqot natijalari bilan tanishtirildi.

—Umumta`lim muassasalarida o`quvchilarning telefonlardan foydalanish qoidalarini takomillashtirish, smartfonli telefonlardan foydalanishni cheklash, bu haqda maxsus qonunlarda normalar belgilash farzandlarimizni zararli axborotlardan saqlashda samara beradi, - deydi Adliya vazirligi huzuridagi Huquqiy-siyosiy tadqiqot instituti bo`lim boshlig`i Komil Sindorov.

—Bir paytlar mahallada bitta xulqi yomon bola bo`lsa, ota-onalar «Qozonga yaqin yursang, qorasi yuqar» deb, farzandlarini yomonlarga qo`shilib ketishidan joni halak bo`lardi. Bugun esa bola uydan chiqmasdan ham yomonlarga qo`shilishi, internet orqali cheklanmagan zararli axborotlarni olish imkoniyatiga ega. Xonasidan, hatto ovqatlanishga ham chiqishni xushlamayotgan bolasi haqida ota-ona «dars qilib o`tiribdida» degan yanglish xayolga borishi oddiy holga aylanib qolgan, - deydi O`zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi bo`lim mudiri Akmal Alimov. —Maqsadimiz yoshlarni internetdan butunlay ajratib qo`yish emas, balki ular uchun xolis axborot muhitini yaratishdir. Chunki, bola tarbiyaga oid xulq-atvor ko`nikmasi, hayot tamoyillari, fikrlash va olam manzarasini ko`proq aynan internet yordamida o`rganish imkoniyatiga ega. Biroq virtual olamda ham ularni muayyan xavf-xatarlar va tahdidlar kutib turgan bo`lishi mumkin. Voyaga etmaganlarni tahlikali sharoitlarda qay tarzda o`zini muhofaza qilishi va zararli axborotlardan himoyalanishini o`rgatish uchun ham mazkur anjumanni o`tkazyapmiz.

Shahnoza Nurullaeva

    Boshqa yangiliklar