O`zbekiston Respublikasi Sog`liqni saqlash vaziri Alisher Shadmanov yurtimizga tashrif buyurgan Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti Evropa mintaqaviy byurosi bo`limi direktori Klaudia Steyn boshchiligida JSSTdelegasiyasi bilan uchrashdi.
Unda “2018– 2020 yillarga mo`ljallangan O`zbekiston Respublikasi Sog`liqni saqlash vazirligi va Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti vakilligi o`rtasidagi ikki yillik hamkorlik kelishuvi” doirasida sog`liqni saqlash axborot tizimi va ma`lumotlarni boshqarish uchun xalqaro standartlardan foydalanish bo`yicha texnik ko`maklashuv amalga oshirish rejalari muhokama qilindi.
Qayd etish joizki, JSST delegasiyasishu yilning aprel oyida O`zbekiston Respublikasi sog`liqni saqlash axborot tizimini majmuaviy baholash o`tkazilishi natijasi bo`yicha turli davlat organlari va xalqaro moliyaviy institutlar, jumladan, Sog`liqni saqlash vazirligi mas`ullari bilan qator uchrashuvlar o`tkazgan edi. Joriy yilning noyabr oyida esa ushbu nufuzli xalqaro tashkilotning Evropa mintaqaviy byurosi direktori Jujanna Yakab bilan Sog`liqni saqlash vaziri A.Shadmanov o`rtasida muloqot bo`lib o`tgandi. Natijada, JSST ekspertlari hamkorligidaO`zbekistonda sog`liqni saqlash axborot tizimini takomillashtirish bo`yicha loyiha tayyorlandi. Unda hamkorlikning istiqbolli yo`nalishlari va milliy sog`liqni saqlash axborot tizimini takomillashtirish, elektron sog`liqni saqlash tizimi faoliyatini qo`llab-quvvatlash va yaxshilash uchun 2018—2020 yillarga mo`ljallangan aniq tadbirlar aks etgan.
Mazmunli muloqot davomida sog`liqni saqlash axborot tizimini rivojlantirish “yo`l xaritasi”ni ishlab chiqish, kadrlar salohiyatini monitoring qilish, baholash, o`qitish va rivojlantirish bo`yicha tadbirlar o`tkazish, xalqaro ekspertlarni jalb etib, soha mutaxassislari uchun treninglar o`tkazish, elektron sog`liqni saqlashni rivojlantirishni har tomonlama qo`llab-quvvatlashga grantlar ajratish masalalari hal etildi. Bu haqda Sog`liqni saqlash vazirligi Axborot xizmat xabar berdi.
Uchrashuvda JSST O`zbekiston Sog`liqni saqlash vazirligi tizimida axborot-kommunikasiya texnologiyalarini rivojlantirish doirasida sohaga doir ma`lumotlarni boshqarish jarayoniga grantlar ajratilib, tibbiyotimizda elektron tizimni tatbiq etish borasidagi sa`y-harakatlar boshlab yuborilgani e`tirof etildi.






