20-21 dekabr kunlari poytaxtimizda hindistonlik karatechilar uchun mahorat saboqlari tashkil etildi. Ikki kun davomida O`zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi O`ktam Bekpo`latov Hindistondan tashrif buyurgan karatechilar va ularning murabbiylariga mahorat darslarini o`tib berdi.
Mazkur yig`in orqali sportchilar 2019 yilgi A Seriya, Premer-liga musobaqalari oldidan o`ziga xos tajriba to`pladilar desak mubolag`a bo`lmaydi.
Tashrif davomida mehmonlar O`zbekiston karate Milliy federasiyasi raisi Alamjon Mullaev bilan uchrashib, o`zaro hamkorlikni kuchaytirish, karateni yanada rivojlantirish va boshqa masalalarni muhokama qilishdi. Tomonlar yana uch oydan so`ng Toshkent shahrida navbatdagi mahorat saboqlarini qo`shma o`quv-mashg`ulot yig`inlarini o`tkazish bo`yicha kelishib oldilar.
Eslatib o`tamiz, 2020 yilgi Olimpiya o`yinlarida ilk marotaba karate bo`yicha musobaqalar tashkil qilinadi.






