AsosiyJamiyat

Prezident Sergelidagi uylardan birini kirib ko`rdi

'Prezident Sergelidagi uylardan birini kirib ko`rdi'ning rasmi

Bugun poytaxtimizning Sergeli tumanida qurilish kranlari shunchalik ko`pki, xuddi daraxtzorga o`xshaydi. Bu bunyodkorlik ishlari ko`lamidan, shiddatidan.

Jumladan, “Choshtepa” mahalla fuqarolar yig`ini hududida 66 ta 7 qavatli uy qurilmoqda.

Davlatimiz rahbari joriy yilning iyul oyida bu erga tashrif buyurgan, o`sha kunlari qurilishga poydevor qo`yilib, ishlar boshlangan edi.

Atigi besh oyda bu erda ulkan mavze qad ko`tardi. 1 ming 176 xonadonga mo`ljallangan 21 ta uy barpo etildi. Boshqa uylarning qurilishi davom etmoqda.

Turkiyaning innovasion texnologiyalari asosida binoning tashqi devorlari harorat saqlovchi materiallar bilan qoplangan. Bu uylarni qishda issiq, yozda salqin bo`lishini ta`minlaydi.

Prezidentimiz ushbu uylardan birini kirib ko`rdi. Qurilish sohasida yangi tizim yaratilganini, bu aholini uyli qilish bilan birga ko`plab ish o`rinlari ham ochayotganini ta`kidladi.

Mavzeda mahalla guzari ham bunyod etilgan bo`lib, unda mahalla raisi va maslahatchilari xonalari, uy-joy mulkdorlari shirkati, profilaktika inspektori xonasi, kutubxona faoliyat yuritadi.

Shavkat Mirziyoyev tumanning 8-dahasi yonida quriladigan uylar uchastkasida ham bo`ldi. Bu erda 27 ta 9 qavatli turar joy barpo etiladi, yana ko`plab oilalar uy bilan ta`minlanadi.

    Boshqa yangiliklar