Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “Olis hududlarda joylashgan umumta`lim maktablarida faoliyat yuritayotgan o`qituvchilarning oylik ish haqiga ish staji uchun ustamalar belgilash to`g`risida”gi qarori loyihasi joylashtirildi.
Hujjat bilan respublikaning olis tog`li va chekka hududlarida joylashgan umumta`lim maktablari ro`yxati tasdiqlanishi mumkin.
Olis tog`li va chekka hududlarda joylashgan umumta`lim maktablarida faoliyat yuritayotgan o`qituvchilarning oylik ish haqiga ish staji uchun Davlat byudjeti hisobidan ustamalar berilishi quyidagi tartibda belgilanadi:
• mehnat stajiga ega bo`lmagan yosh mutaxassislar – belgilangan bazaviy tarif stavkasining 25 foizi;
• mehnat staji 1 yildan 3 yilgacha bo`lgan o`qituvchilar – belgilangan bazaviy tarif stavkasining 50 foizi;
• mehnat staji 3 yildan 5 yilgacha bo`lgan o`qituvchilar – belgilangan bazaviy tarif stavkasining 75 foizi;
• mehnat staji 5 yildan ortiq bo`lgan o`qituvchilar – belgilangan bazaviy tarif stavkasining 100 foizi.
O`zbekiston Respublikasi Xalq ta`limi vazirligi, Moliya vazirligi olis tog`li va chekka hududlarda joylashgan umumta`lim maktablarida faoliyat yuritayotgan o`qituvchilarning oylik ish haqiga ish staji uchun ustamalar berilishini doimiy nazoratga olinadi.
Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari:
• olis tog`li va chekka hududlarda joylashgan umumta`lim maktablarida faoliyat yuritayotgan o`qituvchilarning oylik ish haqiga ish staji uchun ustamalar berilishini qat`iy nazoratga olish;
• joylarda oliy o`quv yurtlari bitiruvchilari bilan uchrashuvlar tashkil etib, ularni chekka hududlarda joylashgan, pedagog kadrlarga ehtiyoj mavjud bo`lgan maktablarga jalb etish, yosh mutaxassislarga ish va yashash uchun zarur shart-sharoitlar yaratish va ta`lim sifatini yaxshilash vazifalari yuklatiladi.






