O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev Toshkent shahridagi bunyodkorlik ishlari bilan tanishmoqda.
Davlatimiz rahbari Mirzo Ulug`bek tumanidagi DMC xususiy klinikasiga tashrif buyurdi.
Mazkur shifo maskanida oftalmologiya, neyrojarrohlik, plastik jarrohlik, kardiologiya, pediatriya, reabilitasiya kabi o`n beshdan ortiq ixtisoslik bo`yicha tashxislash va davolash yo`lga qo`yilgan. Bu jarayonga tibbiyoti rivojlangan davlatlarda qo`llanilayotgan amaliyot va texnologiyalar joriy etilgan.
Xususan, klinika AQSh, Germaniya, Avstriya, Yaponiyada ishlab chiqarilgan zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan. Shifokorlar Germaniya, Avstriya, Hindiston, Janubiy Koreya, Yaponiyadagi etakchi tibbiyot markazlarida malaka oshirgan.
Bemorlar birinchi qavatda tashxisdan o`tkazilib, mutaxassislar maslahatini oladi. Ikkinchi qavatda jarrohlik amaliyotlari bajariladi. Zarur hollarda yuqori qavatlarda yotib davolanadi.
Prezident innovasion klinikadagi sharoitlarni ko`zdan kechirdi, shifokorlar bilan suhbatlashdi. Kasalliklarni erta aniqlash va davolash, sifatga e`tibor qaratish zarurligini ta`kidladi.
- Biz nima uchun tibbiyotda xususiy tarmoqqa sharoit yaratyapmiz? Raqobat bo`lishi kerak. Raqobat bo`lsa, sifatga intilish bo`ladi, davolash, xizmat ko`rsatish yaxshilanadi, - dedi Shavkat Mirziyoev.
Klinika ko`rish qobiliyatini tiklash bo`yicha etakchi markazlardan biridir. Bu erda ko`z to`r pardasi kasalliklari va patologik holatlarni tashxislash imkonini beradigan “Topcon” tamograf-angiograf tekshiruvi, neyrofiziologik reabilitasiya, kompyuterli bioboshqaruv kabi noyob davolash usullari qo`llaniladi.
Prezidentimiz kompyuterli bioboshqaruv xonasida ham bo`lib, bu usul orqali medikamentlarsiz davolash, ruhiy va nutqiy nuqsoni bor bemorlarni sog`lom hayotga qaytarish mumkinligiga e`tibor qaratdi.
Shu erda ko`z mikrojarrohligi bo`yicha o`quv simuliyasion markaz tashkil etish loyihasi taqdim qilindi. Davlatimiz rahbari loyihani ma`qullab, kadrlar malakasini oshirishga xizmat qiladigan bunday simuliyasion markazlarni tibbiyotning boshqa yo`nalishlari va mamlakatimizning boshqa hududlarida ham tashkil etish zarurligini ta`kidladi.











