2018 yilning 20 dekabr kuni O`zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Qirg`iziston Respublikasining favqulodda va muxtor elchisi etib tayinlangan Ibragim Junusovni qabul qildi.
TIV xabariga ko`ra, ishonch yorliqlari nusxasini topshirishga bag`ishlangan qisqa marosimdan so`ng O`zbekiston – Qirg`iziston kun tartibining muhim masalalari bo`yicha suhbat bo`lib o`tdi.
Uchrashuvda ikki tomonlama munosabatlarning ko`p qirraliligi va jadal rivojlanayotganligi, bunda markaziy o`rinni oliy darajadagi muntazam uchrashuvlar egallayotgani mamnuniyat bilan e`tirof etildi.
Ta`kidlanganidek, bir-birining manfaatlarini hurmat qilish va o`zaro foydaga asoslanuvchi savdo-iqtisodiy, investision va mintaqalararo aloqalar davlatlararo muloqotda muhim o`rin tutadi.
18 dekabr kuni O`sh shahrida bo`lib o`tgan O`zbekistonning chegaradosh viloyatlari rahbarlari bilan Qirg`iziston Hukumatining chegaradosh viloyatlardagi muxtor vakillari kengashi ikkinchi yig`ilishining muvaffaqiyatli yakunlari hamda erishilgan aniq kelishuvlar tomonlarda hamkorlikni kengaytirish uchun sezilarli salohiyat mavjudligidan guvohlik beradi.
Uchrashuvda ba`zi xalqaro va mintaqaviy masalalar bo`yicha ham fikr almashildi.






