AsosiyJamiyat

Oliy ta`lim muassasalari bitiruvchilarining yakuniy davlat attestasiyasi o`zgartiriladi

'Oliy ta`lim muassasalari bitiruvchilarining yakuniy davlat attestasiyasi o`zgartiriladi'ning rasmi

Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirining 2018 yil 12 dekabrdagi buyrug`i bilan ayrim fanlar bo`yicha yakuniy attestasiya imtihoni bekor qilinadi. Bu haqda Norma.uz xabar tarqatdi.

Birinchidan, davlat attestasiyasi tarkibiga kiritilgan imtihonlar ro`yxati o`zgartirildi. Ayrim fanlar bo`yicha yakuniy attestasiya imtihoni bekor qilinadi. Uning o`rniga oliy ta`lim muassasasi Kengashi tomonidan qo`shimcha tartibda xorijiy til bo`yicha imtihon kiritilishi mumkin. Bundan tashqari, diplom loyihasi himoyasi joriy etiladi.

Shu tariqa, oliy ta`lim muassasalari bitiruvchilarining yakuniy davlat attestasiyasi quyidagi shaklda o`tkazilishi mumkin:

fanlararo (umumkasbiy va ixtisoslik) yakuniy attestasiya imtihoni;

diplom loyihasi himoyasi;

bitiruv malakaviy ish himoyasi.

Yakuniy davlat attestasiyasining qanday shaklda o`tkazilishi bitiruvchilarning xohishi va ta`lim xususiyatidan kelib chiqqan holda oliy ta`lim muassasasi Kengashi qarori bilan belgilanadi.

Ikkinchidan, yakuniy attestasiya imtihonidan o`ta olmagan shaxslarning qayta topshirish muddati bo`yicha cheklov olib tashlandi. Ilgari o`qish muddati tugagandan so`ng 3 yil ichida qayta topshirish mumkin bo`lgan bo`lsa, endi «keyingi yillarda» ana shunday imkoniyat berilishi ko`rsatilgan.

Uchinchidan, yakuniy imtihonlarni topshirishda bitiruvchilarning mualliflikni o`zlashtirishiga (plagiatga) yo`l qo`yilmaydi. Bu holda qoniqarsiz baho qo`yiladi, qo`yilgan ijobiy baho esa bekor qilinadi.

Hujjat Qonun hujjatlari ma`lumotlari milliy bazasida e`lon qilingan.

    Boshqa yangiliklar