Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning yangi kitobi chop etildi. Davlat matbuotining ma`lum qilishicha, bu "Taraqqiyotning yangi cho`qqilari sari" ("K novm vsotam progressa") to`plamining 11-tomidir.
Ko`p tomlik kitob turkman, ingliz va rus tillarida nashr qilindi. Kitobga asosan Prezident Berdimuhamedovning 2017 yilda so`zlagan nutqlari, dasturiy chiqishlari, maqolalari, intervyulari va murojaatlari kiritilgan.
“Kitobda xalqaro prinsiplarga binoan Turkmanistonni har tomonlama gullab yashnashi yo`lida mamlakatda olib borilayotgan konstitusion va huquqiy islohotlarga katta e`tibor qaratilgan”, deya xabar berdi davlatga qarashli TDX axborot agentligi.
“Navbatdagi kitobda 2017 yilning eng muhim voqeasi sifatida Gurbanguli Berdimuhamedovning ishonchli g`alabasi bilan yakunlangan prezidentlik saylovlari aks etgan – u uchinchi bor oliy davlat lavozimiga qayta saylandi. Ayni shu faktning o`zi davlat rahbari tomonidan olib borilayotgan siyosiy yo`nalish turkman xalqi tomonidan yakdillik bilan qo`llab-quvvatlanayotganining yorqin ifodasidir”, – deya ta`kidlanadi axborot agentligi xabarida va kitobda ijtimoiy taraqqiyot masalalari aks etgani qayd qilinadi.

Birgina 2017 yilda Prezident Berdimuhamedov muallifligida turli mavzularga oid bir nechta kitob nashrdan chiqdi.






