O`zbekiston musulmonlari idorasida har yili an`anaviy tarzda o`tkazilib kelinayotgan "Eng ma`rifatli imom – 2018" ko`rik-tanlovining mamlakat bosqichi boshlandi.
Unda tanlovning Qoraqalpog`iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlar bosqichida birinchi o`rinni egallagan 14 nafar imom-xatib bellashmoqda.
Tanlovni o`tkazishdan maqsad, bugungi kun imom-xatibi ham diniy ham dunyoviy bilimlarni puxta egallashi, Qur`oni karim oyatlari tafsirini mukammal bilishi, dunyoda yuz berayotgan voqelikdan xabardor bo`lib, xalqni ezgulik va birdamlikka chaqirishi, yoshlarga haq bilan botilni etkaza bilishi kabi faoliyatlarni yanada jadallashtirishdan iborat.
Shuningdek, hozirgi paytda dunyoda kechayotgan murakkab siyosiy jarayonlarda Islom dini niqobi ostida ro`y berayotgan urush va to`qnashuvlar, buzg`unchi g`oyalar tahdididan aholini ogoh etib, ularga to`g`ri islomiy ta`limotni etkazish kabi vazifalarni qay darajada uddasidan chiqayotganlarini bilish ham maqsad qilib qo`yilgan.






