AsosiyJamiyat

Tashqi savdo vaziriga o`rinbosar tayinlandi

'Tashqi savdo vaziriga o`rinbosar tayinlandi'ning rasmi

O`zbekistonning Latviya Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi lavozimini egallagan Badriddin Abidov O`zbekiston Respublikasi Tashqi savdo vazirining o`rinbosari etib tayinlandi. Bu haqda Tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Badriddin Nuriddinovich Abidov Toshkent avtomobil yo`llari instituti va Toshkent davlat chet tillar pedagogika institutini tamomlagan. U rus, ingliz va fransuz tillarini biladi.

Badriddin Abidov diplomatiya, tashqi iqtisodiy faoliyat va xalqaro huquq sohasida katta tajribaga ega. O`z faoliyatini 1992 yilda Toshkent avtomobil va yo`llar institutida stajyor-izlanuvchi sifatida boshlagan. 1993 yildan 2013 yilgacha O`zbekiston Tashqi ishlar vazirligi va O`zbekistonning chet eldagi diplomatik missiyalari tarkibida turli lavozimlarda ishlagan. Xususan, 2003 yildan 2013 yilgacha O`zbekistonning Jenevadagi BMT bo`linmasi va boshqa xalqaro tashkilotlardagi Doimiy vakolatxonasida 1-kotib, Vakolatxona rahbari vazifasini bajarib kelgan.

2014 yilda Inson huquqlari bo`yicha O`zbekiston Milliy markazining Inson huquqlari bo`yicha xalqaro hamkorlik bo`limi mudiri etib tayinlandi. Keyinchalik “O`zpaxtasanoateksport” xolding kompaniyasi Tashqi iqtisodiy aloqalar va investisiyalarni jalb qilish boshqarmasi boshlig`i o`rinbosari, boshqarma boshlig`i, 2016-2018 yillarda esa Tashqi ishlar vazirligi Evropa mamlakatlari va NATO bilan hamkorlik boshqarmasi birinchi kotibi, Evropa Ittifoqi va NATO tuzilmalari bilan hamkorlik bo`limi boshlig`i vazifasini bajaruvchi vazifalarida faoliyat olib borgan.

Vazir o`rinbosariga O`zbekiston Respublikasi Jahon savdo tashkiloti (JST)ga a`zo bo`lishi bo`yicha masalalarni olib borish, shuningdek, tashqi savdoda bojxona va tariflarni tartibga solish, importni optimallashtirish, transport koridorlarini rivojlantirish va eksport yo`nalishlarini diversifikasiya qilish vazifalari yuklatilgan.

    Boshqa yangiliklar