AsosiyJamiyat

Prezident qaroriga asosan Madaniy meros departamenti tashkil etiladi

'Prezident qaroriga asosan Madaniy meros departamenti tashkil etiladi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi Madaniy meros ob`ektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish ilmiy-ishlab chiqarish bosh boshqarmasi hamda uning mintaqalararo davlat inspeksiyalari negizida O`zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzurida Madaniy meros departamenti hamda uning Qoraqalpog`iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalari tashkil etiladi.

Davlatimiz rahbarining joriy yil 19 dekabrda “Moddiy madaniy meros ob`ektlarini muhofaza qilish sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida“gi qarorida bu haqda qayd etildi.

Departament:

– moddiy madaniy meros, shu jumladan, arxeologiya merosi ob`ektlari, muzey ashyolari va kolleksiyalari hamda madaniy boyliklarni muhofaza qilish va ulardan foydalanishga oid qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshirish;

– moddiy madaniy meros ob`ektlarining davlat kadastrini yuritish, tarixiy, ilmiy, badiiy yoki o`zgacha madaniy qimmatga ega bo`lgan ob`ektlarni aniqlash, ularni hujjatlashtirish va davlat hisobiga olish, moddiy madaniy merosning ko`chmas mulk ob`ektlari toifalari va qo`riqlanadigan tegralarini belgilash, shuningdek, ulardan oqilona foydalanilishini ta`minlash;

– tarixiy-madaniy va loyiha-smeta hujjatlarining ekspertizasini, moddiy madaniy meros ob`ektlarining tarixiy-madaniy qimmati va noyobligiga asrashga doir ishlarni putur etkazmagan holda amalga oshirilishi bo`yicha uzluksiz ilmiy-texnik nazoratni olib borish;

– alohida muhofaza qilinadigan tarixiy-madaniy va jahon madaniy merosi ob`ektlari jumlasiga kiritilgan hududlarda shaharsozlik va boshqa xo`jalik faoliyatlarini ularning tarixiy-madaniy muhiti, tabiiy landshafti va o`ziga xosligini saqlab qolgan holda olib borilishini muvofiqlashtirish;

– arxeologiya ashyolari davlat katalogini yuritish, arxeologiya tadqiqotlarini amalga oshirish tartibi va shartlariga rioya qilinishi, arxeologiya ashyolarining o`z vaqtida hisobga olinishi va davlatga topshirilishini nazorat qilish hamda ularni fan, madaniyat va ta`lim muassasalariga biriktirish, shuningdek, arxeologiya tadqiqotlari bo`yicha ilmiy hisobotlarni qabul qilish, ekspertizadan o`tkazish va arxivini yig`ish, arxeologiya yodgorligini konservasiyalash hamda muzeylashtirish;

– milliy muzey fondining davlat katalogini yuritish, muzey ashyolari va kolleksiyalarini muzey fondi tasarrufidan chiqarish yoki boshqa muzey fondiga o`tkazish, madaniy boyliklarni realizasiya qilish uchun ruxsatnomalar berish, shuningdek, davlat tomonidan muhofaza ro`yxatlari va reestrlariga kiritilgan madaniy boyliklar, jumladan, muzey ashyolari va kolleksiyalari, qadimiy yozma manbalarning but saqlanishini va hisobi yuritilishini tekshirish, milliy arxiv fondi bundan mustasno;

– olimlar, xalq ustalari, restavratorlar, ekspertlar bilan yaqin hamkorlik qilish, ta`mirshunoslikdagi o`ziga xos uslub, an`ana va maktablarini rivojlantirishni, jamoatchilik nazoratini amalga oshirishni qo`llab-quvvatlash;

– moddiy madaniy meros ob`ektlarini keng targ`ib etish va ommalashtirish, sohaga davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini, innovasion va ilg`or axborot-kommunikasiya texnologiyalarini samarali tatbiq etish, elektron xizmatlarni rivojlantirish;

– xalqaro va xorijiy tashkilotlar bilan hamkorlikni rivojlantirish, jumladan, moliyaviy institutlarning grantlari, kreditlari va homiylik xayriyalarini jalb etish kabi vazifalarni bajaradi.

    Boshqa yangiliklar