AsosiySiyosat

Sog`liqni saqlash vaziri deputatlar oldida hisobot berdi

'Sog`liqni saqlash vaziri deputatlar oldida hisobot berdi'ning rasmi

2018 yil 19 dekabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi majlisida deputatlar O`zbekiston Respublikasi sog`liqni saqlash vaziri A.Shodmonovning vazirlikning aholiga tibbiy xizmat ko`rsatish borasidagi faoliyati to`g`risidagi axborotini eshitdilar.

Ta`kidlandiki, davlatimiz rahbarining sohaga alohida e`tibor qaratayotgani, ushbu yo`nalishda xalqni rozi qilishga yo`naltirilgan tadbirlar ko`lami tobora kengaytirilayotgani tufayli tizimda birmuncha ibratli o`zgarishlar ko`zga tashlanmoqda. Jumladan, o`tgan davrda qishloq vrachlik punktlari, shahar va qishloq oilaviy poliklinikalarini optimallashtirish orqali birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini ko`rsatish tizimi takomillashtirildi. Shoshilinch tibbiy yordam ko`rsatishning yagona markazlashgan tizimi yaratildi. Respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari ish uslublari o`zgardi. Aholining reproduktiv salomatligini mustahkamlash, onalik va bolalikni muhofaza qilish bo`yicha qator maqsadli milliy dasturlar amalga oshirildi. Bolalarning irsiy va tug`ma kasalliklar bilan tug`ilishining oldini olish maqsadida respublika va hududiy skrining markazlari tashkil etildi.

Prezidentimiz Farmoni bilan tasdiqlangan 2019-2025 yillarda O`zbekiston Respublikasi sog`liqni saqlash tizimini rivojlantirish konsepsiyasi sohaning istiqboldagi rivoji uchun yangi davrni boshlab berdi.

Parlament eshituvida deputatlar sog`liqni saqlash vaziri e`tiborini sohadagi mavjud kamchiliklar, echimini kutayotgan qator muammolar hamda fuqarolarimiz tomonidan bildirilayotgan murojaatlarga qaratdilar.

Deputatlarning fikriga ko`ra, davlatimiz rahbari tomonidan tibbiyot xodimlarining 2 stavkagacha ishlashi uchun sharoit yaratilgan, ishlovchi shifokorlarga pensiyasini 100 foiz olishi mumkinligi masalalari allaqachon hal etilgan, tibbiyot oliy o`quv yurti bitiruvchilarini sohaga jalb qilish kabi bir qator chora-tadbirlar amalga oshirilayotgan bo`lsa-da, vazirlik o`ziga bog`liq qator masalalarni oxirigacha hal etmagan. Shifokorlar davriy tibbiy ko`rikdan o`tishi, malaka oshirishi yoki qayta ixtisoslashishi uchun Sog`liqni saqlash vazirligi tizimi tomonidan moliyalashtirilmagan, ularning toifa olishi uchun ham hamon to`siqlar mavjudligi kadrlash etishmovchiligini keltirib chiqarmoqda.

Bugungi kunda ixtisoslashgan tibbiyot markazlari soni 16 taga etdi. Ushbu markazlar rahbarlari va malakali mutaxassislari joylarda o`z ishlarini tashkil qilmoqda, murakkab jarrohlik amaliyotlarini ham bajarmoqda. Lekin bunday ishlar hamma markazlarda to`g`ri yo`lga qo`yilgan, deb bo`lmaydi. Markazlar o`z ishlarini tashkil etishda kasalliklarning hududlar bo`yicha tahlillariga, shuningdek, chuqur ilmiy-nazariy tadqiqotlar natijalariga asoslanishi lozim. Respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari ko`proq e`tiborni profilaktik tadbirlariga emas, balki davolashga qaratmoqdalar.

Parlament a`zolari vazirlik tomonidan ixtisoslashtirilgan markazlar faoliyatiga zamonaviy AKTlarni keng joriy etish orqali shaffoflikni ta`minlash, bemorlarga navbatsiz davolanish imkonini yaratish borasida sustkashlikka yo`l qo`yilayotganini tanqid qildilar. Bu borada gap ketganda, deputatlar tomonidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi sa`y-harakati bilan Toshkent shahridagi 47-sonli oilaviy poliklinikada namunaviy tarzda elektron poliklinika tizimi tashkil qilingani, u amaliyotda o`z samarasini ko`rsatgani qayd etildi. Biroq soha mutaxassislari keng e`tirof etayotgan ushbu tajribani boshqa hududlarda ham joriy qilish ishlari vazirlik tomonidan o`z holiga tashlab qo`yilgan. Hanuzgacha hududlarda birlamchi muassasaga biriktirilgan aholining elektron ro`yxati shakllantirilmagan.

Ma`lumki, mamlakatimizdagi barcha tuman, shahar tibbiyot birlashmalari tarkibida bepul xizmat ko`rsatadigan shifoxonalar mavjud. Biroq Toshkent shahar tumanlarida bunday shifoxonalar yo`qligi sababli poytaxt aholisi shahar shifoxonalarida pullik asosda davolanishga majbur bo`layapti. Navoiy viloyatining Navoiy va Zarafshon shaharlarida ham xuddi shunday holatni kuzatish mumkin.

Bundan tashqari, tuman, viloyat va respublika miqyosidagi tibbiyot tashkilotlari o`rtasida integrasiyani yo`lga qo`yish borasidagi muammolar ham deputatlar e`tiboridan chetda qolmadi. Onalik va bolalikni muhofaza qilish, bolala
r kasalliklari va nogironligining oldini olish yo`nalishidagi ishlarni yanada jonlantirish, bu borada ilmiy-amaliy tadqiqotlarni kuchaytirish lozimligi qayd etildi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, fraksiyalar vakillari fikr-mulohazalari inobatga olingan holda, Sog`liqni saqlash vazirligi faoliyati qoniqarli deb topilsa-da, vazirlik o`z ish uslubini Prezidentimizning 2018 yil 7 dekabrdagi qarorida belgilab berilgan vazifalardan kelib chiqib tashkil etishi lozimligi ta`kidlandi.

Muhokamalar yakuniga ko`ra, ko`tarilgan masalalar yuzasidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasining sohadagi mavjud muammolarni bartaraf etishga qaratilgan aniq tavsiyalari aks etgan qarori qabul qilindi.

O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi

Qonunchilik palatasi Matbuot xizmati

    Boshqa yangiliklar