Prezidentning 19.12.2018 yildagi “O`zbekiston Respublikasining 2019 yilga mo`ljallangan investisiya dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarori imzolandi. Qaror O`zAda joylashtirilgan.
Hujjat bilan O`zbekiston Respublikasining 2019 yilga mo`ljallangan Investisiya dasturi tasdiqlandi. U o`z ichiga kapital qo`yilmalarning asosiy parametrlari, ijtimoiy, uy-joy, muhandislik va transport infratuzilmasi ob`ektlarini ishga tushirish prognozi hamda ob`ektlar va ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish manzilli dasturini oladi.
Shu bilan bir qatorda, kelasi yil uchun quyidagilar tasdiqlandi:
birinchidan, Davlat byudjeti mablag`lari hisobidan moliyalashtiriladigan, ob`ektlar qurish va ularni rekonstruksiya qilish manzilli dasturi;
ikkinchidan, markazlashtirilgan investisiyalar hisobidan moliyalashtiriladigan:
- meliorasiya ob`ektlarini qurish va rekonstruksiya qilish, shuningdek, texnikalar xarid qilish manzilli dasturi;
- avtomobil yo`llari, ko`priklar va yo`l o`tkazgichlar qurish va rekonstruksiya qilish, shuningdek, ob`ektlarni jihozlash va texnikalar xarid qilish manzilli dasturi;
- oliy ta`lim muassasalari, ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktab-internatlari, bolalar musiqa va san`at maktablari, tibbiy, ilmiy-tadqiqot, umumta`lim va maktabgacha ta`lim muassasalari ob`ektlarini qurish, rekonstruksiya qilish, kapital ta`mirlash va jihozlash manzilli dasturlari;
- ichimlik suvi ta`minoti va kanalizasiyatizimlari ob`ektlarini qurish va rekonstruksiya qilish manzilli dasturi;
- Qoraqalpog`iston Respublikasi va Xorazm viloyatida loyihalarni moliyalashtirishni tashkil qilgan holda Orolbo`yi mintaqasini rivojlantirish manzilli dasturi;
uchinchidan, davlat kafolati bilan xorijiy kreditlarni jalb qilgan holda amalga oshiriladigan investisiya loyihalarining manzilli dasturi;
to`rtinchidan, O`zbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamg`armasi mablag`larini jalb qilgan holda amalga oshiriladigan investisiya loyihalarining manzilli dasturi;
beshinchidan, tarmoq investisiya loyihalari doirasida investisiyalarni o`zlashtirish yig`ma manzilli dasturi;
oltinchidan, markazlashtirilmagan investisiyalar hisobidan moliyalashtiriladigan:
- to`g`ridan-to`g`ri xorijiy investisiyalar va kreditlarni jalb qilgan holda amalga oshiriladigan tarmoq investisiya loyihalarining manzilli dasturi;
- to`g`ridan-to`g`ri xorijiy investisiyalarni jalb qilgan holda amalga oshiriladigan hududiy investisiya loyihalarining manzilli dasturi;
ettinchidan, quyidagilar:
- loyihaoldi va loyiha hujjatlarini ishlab chiqish, kelishish va tasdiqlashni jadallashtirish talab etiladigan investisiya loyihalari ro`yxati;
- ko`rib chiqiladigan istiqbolli investisiya va infratuzilma tarmoq loyihalari ro`yxati;
- loyihaoldi va loyiha hujjatlari ishlab chiqiladigan hamda tasdiqlanadigan, qurilishi va rekonstruksiya qilinishi Davlat byudjeti mablag`lari hisobidan moliyalashtirilishi nazarda tutilayotgan ob`ektlar ro`yxati;
- loyihaoldi va loyiha hujjatlari ishlab chiqiladigan va tasdiqlanadigan, markazlashtirilgan investisiyalar hisobidan moliyalashtirilishi nazarda tutilayotgan ijtimoiy soha ob`ektlari ro`yxati .
Loyiha hujjatlari ishlab chiqilib ekspertizadan o`tkazilganadn keyin loyihalar (ob`ektlar) yuzasidan ro`yxatlarga va kapital qo`yilmalar limitlariga (qiymatiga) aniqlik va tuzatishlar kiritilishi mumkin. Bu LBMA bilan kelishilgan holda Bosh vazirning o`rinbosari – Investisiyalar, innovasion rivojlantirish, erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari faoliyatini muvofiqlashtirish masalalari kompleksi rahbarining qarorlari bilan amalga oshirilishi mumkin.
Loyihalar (ob`ektlar) bo`yicha tasdiqlangan loyiha-smeta hujjatlariga o`zgartirish va qo`shimchalar Hukumatning qarorlariga asosan kiritiladi.
Qurilish hamda tasdiqlangan loyiha-smeta hujjatlariga o`zgartirish va qo`shimchalar kiritish jarayonlariga zarur vakolatga ega bo`lmagan shaxslarning aralashuvi taqiqlandi.






