Adliya vazirligi jurnalistlar uchun “Islohotlar davrida ommaviy axborot vositalari” amaliy qo`llanma tayyorladi. Bugun Toshkentdagi Wyndhem mehmonxonasida bo`lib o`tgan jurnalistlar uchun anjumanda ushbu qo`llanmaning taqdimoti bo`lib o`tdi.
Qo`llanma jurnalistlar va blogerlarga axborot tarqatishni to`g`ri va huquqiy jihatdan savodli tarzda amalga oshirishga yordam berish maqsadida ishlab chiqilgan.
Adliya vazirligi mutaxassislari tomonidan tayyorlangan ushbu kitob mohiyatiga ko`ra shu paytgacha qilinmagan, yangi ishdir.
Qo`llanmada axborot tarqatishda inson huquqlariga rioya etish masalasiga alohida e`tibor berilgan. Xususan, aybsizlik prezumpsiyasi, bola huquqlari, shaxsiy hayot daxlsizligi, inson sha`ni va qadr-qimmatini kamsitmaslik kabi masalalar tahlil qilingan.
Shuningdek, axborot va jurnalistika faoliyatiga doir qanday qonunlar va huquqiy hujjatlar bor, u yoki bu vaziyatda qanday yo`l tutilsa qonuniylik nuqtai nazaridan to`g`ri bo`ladi, feyklarni qanday aniqlash mumkin, jinoyatchilik haqida habar berish bilan uni targ`ib qilish o`rtasida qanday chegara bor, axborot tarqatishning mas`uliyati, yolg`on xabar tarqatishning javobgarligi kabi muhim masalalar yoritilgan.
Shu bilan birga, ijtimoiy tarmoqlarda birovning shaxsiyatiga tegish, sha`nini bulg`ash, tuhmat qilish yoki yolg`on xabar tarqatish orqali shaxsningobro`siga putur etkazish, sanksiyalanmagan ommaviy tadbirlarga chaqiriqlarni e`lon qilish kabi holatlar ham tahlil qilingan va ularning huquqiy oqibatlari, ya`ni mas`uliyat va javobgarligi masalalari bayon etilgan.
Mavzular yuzasidan shunchaki nazariy ma`lumotlar berish bilan cheklanib qolmay, jurnalistik amaliyotdan ko`plab misollar keltirilgan. Shuningdek, jadvallar, infografikalar, suratlar bilan boyitilgan. Bu qo`llanmaning amaliy ahamiyatini yanada oshiradi.
Qo`llanmaning zamonaviy dizayni va yuksak poligrafik ijrosi tadbir ishtirokchilari tomonidan alohida ta`kidlandi. Hozircha faqat o`zbek tilida chiqarilgan ushbu kitobchani kelgusida rus va ingliz tillariga ham tarjima qilib chop etish rejalashtirilgan.






