Joriy yilda respublika bo`yicha sog`liqni saqlash muassasalari hisobida turgan 33 nafar ruhiy kasallar tomonidan qasddan odam o`ldirish, qasddan badanga og`ir shikast etkazish, nomusga tegish, o`g`rilik, bezorilik va boshqa jinoyatlar sodir etildi.
Birgina Qoraqalpog`istonda 2 nafar tajovuzkor ruhiy kasal o`z turmush o`rtoqlarini hech bir sababsiz qasddan o`ldirgan. Misol uchun, To`rtko`l tumanida yashovchi Niyazimbetov shu yil 26 mart kuni uxlayotgan turmush o`rtog`ini hech bir sababsiz boshiga bolta bilan urib, qasddan o`ldirgan.
Senat raisi N.Yo`ldoshevning ma`ruzasida ta`kidlanishicha, o`rganishlar joylarda ruhiy holati buzilgan shaxslarni aniqlash va ularga o`z vaqtida sifatli tibbiy yordam ko`rsatish ishlari sust olib borilayotganini ko`rsatgan.
— Psixiatriya muassasalarini malakali kadrlar, dori-darmon, oziq-ovqat va kiyim-kechak bilan ta`minlash borasidagi muammolarni hal etishga kompleks yondashuv mavjud emas, – dedi Senat raisi N.Yo`ldoshev. – Majburiy davolashda sifat va samaradorlikka erishish uchun hududlararo muassasalar sonini ko`paytirish, ularni talab darajasida jihozlash va malakali kadrlar bilan ta`minlash choralarini ko`rish yuzasidan Bosh vazir o`rinbosari hamda Sog`liqni saqlash vaziriga yuborgan taklif-tavsiyalarimiz esa e`tiborsiz qolmoqda.
Oqibatda ruhiy holatida buzilish mavjud bo`lgan shaxslar tomonidan mudhish jinoyatlar sodir etilmoqda.






