Shavkat Mirziyoev 14 dekabr kuni Qarshi shahrida bo`lib o`tgan yig`ilishda Qashqadaryo iqtisodiyotini tarkibiy o`zgartirish, odamlarni ish bilan ta`minlash yo`llarini ko`rsatib o`tdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
- Ijtimoiy masalalarni hal qilish uchun avvalo iqtisodiyotni rivojlantirish kerak. Shu bois 2019-2020 yillarda sanoat, qishloq xo`jaligi, xizmat ko`rsatish va boshqa sohalarda amalga oshiriladigan 1 ming 200 dan ziyod loyiha bo`yicha takliflar ishlab chiqildi, - dedi Shavkat Mirziyoev.
Joriy yilda viloyatga 63 mingdan ziyod xorijlik sayyoh kelgani, lekin bu judayam kamligi qayd etildi. Bu sohadagi barcha imkoniyatlarni ishga solish, Shahrisabzni festivallar shahriga aylantirish bo`yicha ko`rsatmalar berdi.
Qishloq xo`jaligidagi natijalar qoniqarsizligi, paxtachilikda jiddiy kamchiliklarga yo`l qo`yilgani tanqid qilindi. Kelgusi yili viloyatda paxta etishtirishni 52 foiz maydonda klaster usuliga o`tkazish, tayyor mahsulotlar eksportini ikki barobar oshirish vazifasi qo`yildi.
Davlatimiz rahbari Yakkabog`, Qamashi, Shahrisabz, Kitob tumanlarida 10 ming gektar maydonda uzum, Chiroqchi va Koson tumanlarida 20 ming gektar lalmi erda tarvuz etishtirish imkoniyatlarini ko`rsatib o`tdi. Dehqon xo`jaliklari va tomorqalarga no`xat, mosh, loviya, kunjut kabi bozorbop mahsulotlar ekish odamlarga ish, qo`shimcha daromad bo`lishini ta`kidladi.
Prezident videoselektor orqali tumanlardagi odamlar bilan muloqot qilib, ularning taklif va istaklarini bajarish bo`yicha mutasaddilarga topshiriqlar berdi.






