Oliy Majlis Senati yalpi majlisida ichki ishlar organlarida tergov harakatlarini audio va video qayd etish imkonini beruvchi tizimlar bilan jihozlangan 16ta maxsus xona tashkil etilgani qayd etildi.
- Gumon qilinuvchi va ayblanuvchilarga nisbatan zo`ravonlikka mutlaqo chek qo`yish maqsadida vaqtincha saqlash hibsxonalariga 1 814 ta, tergov hibsxonalariga 123 ta, reabilitasiya markazlariga 283 ta zamonaviy videokuzatuv vositalari o`rnatildi, - deydi Ichki ishlar vazirining birinchi o`rinbosari D.Nazarmuhamedov. - Tergov qilingan 41 985 jinoyat ishlarining 72,4 foizi tugatilib, sudlarga yuborildi. Qidiruv tadbirlari hamda tergov harakatlarining to`g`ri tashkil etilganligi natijasida avvalgi yillarda fosh etilmasdan qolayotgan 1 774 ta jinoyat fosh etildi.
Respublika hududida jinoyat sodir etib, sud va tergov idoralaridan yashiringan qidiruvdagi 13 334 nafar shaxsning 3 717 nafari ushlandi. Jinoyat oqibatida etkazilgan 241 mlrd. so`m miqdoridagi zararning 182 mlrd. so`mdan ziyodi yoki 75,5 foizi jabrlanganlar foydasiga undirib berildi.
Shu bilan birga, xodimlar tomonidan sodir etilishi mumkin bo`lgan salbiy holatlarga chek qo`yish, fuqarolarning ichki ishlar organlariga bo`lgan ishonchini orttirish borasida qator tadbirlar belgilanib, amalga oshirilmoqda. Xususan, o`ziga pora sifatida berilgan pullarni olmasdan, pora berish jinoyatini fosh etishda shaxsiy tashabbus ko`rsatgan 73 nafar ichki ishlar organlari xodimlari 118,8 million so`m miqdorida moddiy rag`batlantirildi.
Joriy yilda xodimlar tomonidan pora olish jinoyati o`tgan yilning shu davriga nisbatan deyarli ikki barobarga kamaydi.
Egallab turgan lavozimida besh yildan ortiq xizmat qilayotgan 108 nafar rahbar xodimlarning faoliyati tanqidiy o`rganilib, ulardan 61 nafari egallab turgan lavozimidan ozod etildi va o`rniga tashabbuskor yangi rahbarlar tayinlandi.
O`z navbatida, ichki ishlar organlarida fuqarolar murojaatlari bilan ishlash va ularda mavjud muammolarni hal etish borasida qator ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, joriy yilning o`tgan davrida jismoniy va yuridik shaxslardan kelib tushgan 361 736 murojaat atroflicha ko`rib chiqildi va ularning 87,2 foizi fuqarolar tomonidan ko`tarilgan muammoli masalalar ijobiy hal etildi.
Aholi murojaatlarini o`z vaqtida va to`liq hal etilishi ustidan nazorat kuchaytirilib, ichki ishlar organlari rahbarlari tomonidan 73 744 fuqarolar qabullari o`tkazildi.
Shu bilan bir qatorda, murojaatlarni ko`rib chiqishda sansalorlikka yo`l qo`ygan 346 nafar xodimga nisbatan intizomiy jazo choralari ko`rilgan. Shundan 115 nafariga jarima, 227 nafariga “xayfsan” intizomiy choralari qo`llanilib, 3 nafar xodim egallab turgan lavozimidan ozod etilgan va bir nafari ichki ishlar organlari safidan bo`shatilgan.






