Senatning o`n ettinchi yalpi majlisida "O`zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga jamoat tartibini ta`minlash mexanizmlarini takomillashtirishga qaratilgan o`zgartish va qo`shimchalar kiritish to`g`risida"gi Qonun ma`qullandi. Bu haqda Adliya vazirligining "Huquqiy axborot" kanali ma`lum qildi.
Qonunga muvofiq endilikda jamoat joylarida pul, oziq-ovqat mahsulotlari va boshqa moddiy qimmatliklar berishni faol tarzda so`rab tilanchilik bilan shug`ullanish avvaliga ma`muriy keyinchalik jinoiy javobgarlikka tortilishiga sabab bo`lishi mumkin.
Bundan tashqari energetik ichimliklarni o`n sakkiz yoshga to`lmagan shaxslarga sotish ma`muriy javobgarlikka sabab bo`lishi belgilandi.
Bunda qonunchilikka tarkibida 150 mg/l.dan ortiq miqdorda kofein va (yoki) inson organizmiga tonusni o`zgartiruvchi ta`sir ko`rsatish uchun etarli miqdordagi boshqa komponentlar mavjud bo`lgan ichimliklar energetik ichimliklar hisoblanishi haqida qo`shimcha ham kiritildi.
“Reklama to`g`risida”gi Qonun ham energetik ichimliklar reklamasiga qo`yiladigan talablar bilan to`ldirildi.
Xususan, bu kabi mahsulot reklamasida bunday ichimliklarni haddan ziyod iste`mol qilishning zarari to`g`risidagi ogohlantirish, shuningdek bunday ichimliklarni iste`mol qilish tavsiya etilmaydigan shaxslar haqidagi axborot mavjud bo`lishi kerak, energetik ichimliklar reklamasini soat 7-00 dan soat 22-00 ga qadar televidenie va radio orqali reklama qilish taqiqlandi.
Qonun kuchga kirishi uchun Prezident tomonidan imzolanishi va belgilangan tartibda rasman e`lon qilinishi lozim.






