Qarshi shahrida viloyat va tumanlar hokimlari, sektorlar rahbarlari ishtirokida yig`ilish bo`lib o`tmoqda.
O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashqi bozorlarga chiqish, har bir sohani isloh qilishdan maqsad xalqimiz manfaatini ta`minlash ekanini ta`kidladi. Bu haqda O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Matbuot xizmati ma`lum qildi.
– Mana ko`ryapsizlar, deyarli har kuni farmon, qaror chiqyapti. Ularning ustida tashkilotlar, ekspertlar oylab, yillab ishlaydi. Bu farmon, qarorlarni ishlab chiqish azob. Ularni amalga oshirish o`n karra azob, – dedi davlatimiz rahbari.
Joylardagi ijro organlari sustkashlikka, jamoatchilik ulardan talab qilishda befarqlikka yo`l qo`yayotgani tanqid qilindi.
– Xalqimiz yaxshi yashashini, rivojlangan davlatlar qatoriga chiqishni istaymiz. Lekin hech kim mehnatsiz, mashaqqatsiz natijaga erishmagan, erisholmaydiyam! Prezident kelib yo`nalish beradi, vazifa qo`yadi. Ularni kim amalga oshiradi? Odamlar qachon uyg`onadi? Biz ancha narsada kechikkanmiz. Agar endiyam uyg`onmasak oldimizga qo`ygan katta maqsadlarimizga etolmaymiz. Birov kelib biz uchun hech narsa qilib bermaydi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Prezidentimiz dunyodagi raqobatga munosib bo`lish, birni ikki qilish uchun har bir rahbar, har bir yosh har kuni o`qishi, o`zini qiynashi, izlanishi kerakligini ta`kidladi.
Yig`ilishni videoselektor orqali keng jamoatchilik vakillari kuzatib bormoqda.






