Instagram ijtimoiy tarmog`iga o`zlarini “blogerlar”, “vlogerlar”, “prankerlar” deb hisoblaydigan bir guruh yoshlar tomonidan tayyorlangan ikkita videolavha joylashtirildi.
Videolarning birida ikki nafar yosh yigitlar poytaxt supermarketlaridan birida o`zlarini janjallashayotganday tutib, jamoat tartibini buzganlari tushirilgan. Ikkinchisida esa “bezorilardan” biri o`rtog`i bilan transport vositasini olib qochishganini sahnalashtirishgan, shuningdek ularning mashinasi boshqa bir avtomobil tomonidan yo`l harakati qoidalirini qo`pol tarzda buzgan holda ta`qib qilinayotgani aks etgan.
Toshkent shahar IIBB tomonidan Instagramga joylangan ushbu videolar o`rganilib, unda ishtirok etgan yoshlarning shaxslari aniqlangan. Ular: oliy o`quv dargohlardan birining talabalari – 20 yoshli Umidjon Sh. va Akbar A., 18 yoshli David T. va 17 yoshli Evgeniy K.
Supermarketdagi “mojaro” videosida Umidjon va David ishtirok etishgan. Ushbu fakt asosida ular O`zbekiston Respublikasi Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksning 183 moddasiga muvofiq mayda bezoriliklari uchun javobgarlikka tortildilar.
Transport vositasini olib qochishni ham Umidjon sodir etgan. Uni ta`qib qilib kelayotgan Akbar Umidjonning onasiga tegishli avtomobilni boshqarib borgan. Olib qochilgan transport vositasini “rolini” esa Akbarga tegishli mashina ijro etdi. Ushbu fakt asosida Umidjon va Akbar O`zbekiston Respublikasi Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksning 135 moddasi bo`yicha (“Yo`l harakati qoidalarida nazarda tutilgan hujjatlari bo`lmagan shaxslarning transport vositalarini boshqarishi”) javobgarlikka tortildilar. Nima sababdan yigitlarga nisbatan qarama-qarshi harakat yo`liga chiqqanliklari, svetoforning taqiqlovchi belgisiga harakatlanganlari va avtomobilni xavfsizlik kamarini taqmagan holda boshqarganlari uchun chora ko`rilmadi, degan savol tug`ilishi mumkin. O`zbekiston Respublikasi Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksning 34 moddasiga (“Bir necha huquqbuzarlikni sodir etganlik uchun ma`muriy jazo qo`llanish”) muvofiq, biror bir shaxs bir necha ma`muriy huquqbuzarlik sodir etgan bo`lib, shu haqdagi ishlar bir vaqtning o`zida ayni bir organ (mansabdor shaxs) tomonidan ko`rib chiqilayotgan bo`lsa, bu shaxsga nisbatan qo`llaniladigan uzil-kesil jazo og`irroq ma`muriy jazoni nazarda tutuvchi sanksiya doirasida qo`llaniladi.
Bundan tashqari, Umidjon Sh., Akbar A., David T. va o`rtoqlarining harakatlarini videoga tushirgan Evgeniy K. bilan profilaktik suhbat o`tkazildi.
Toshkent shahar IIBB ijtimoiy tarmoqlarda o`zini martabasini oshirish bilan band bo`lgan yoshlarni biror bir harakatni tasvirga olishdan oldin mulohaza qilishga chaqiradi. Yuqoridagi to`rt nafar “qahramonlar” kabi video tasvirga olishdan oldin, jamoat tartibini buzmayotganligingizga va insonlarni hayotiga xavf tug`dirmayotganligingizga ishonch hosil qiling. Chunki “bolgerlar-vlogerlar-prankerlar” avtopoyga uyushtirganlarida insonlar xavfsizligini xavf ostiga qo`yganlar.






