Ilgari kardiologik yoki endokrinologik kasallik bilan og`rigan qashqadaryolik bemorlar poytaxtimizga, ba`zan xorijiy davlatlarga borib davolanardi. Endi xorijliklar shifo izlab Qarshiga kelishi mumkin. Chunki bu erda eng so`nggi rusumdagi uskunalar bilan jihozlangan zamonaviy shifoxonalar bor.
Prezidentimiz 2017 yil 24-25 fevral kunlari Qashqadaryo viloyatiga tashrifi chog`ida Qarshi shahrida Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya hamda Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazlarining filiallarini tashkil etish bo`yicha ko`rsatmalar bergan edi. O`tgan qisqa vaqtda yonma-yon joylashgan ikki yirik markaz qurib bitkazildi.
Davlatimiz rahbari 13 dekabr kuni bu erga tashrif buyurib, bemorlar uchun yaratilgan sharoitlar, zamonaviy texnika va uskunalarni ko`zdan kechirdi. Bu haqda O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Matbuot xizmati xabar bermoqda.
120 o`rinli Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Qarshi filialiga dunyoda eng yangi chiqqan tashxis va davolash apparatlari olib kelindi. Reabilitasiya va yurak ishemik kasalliklari, surunkali yurak etishmovchiligi va aritmologiya, arterial-gipertenziya, rentgen-endovaskulyar jarrohlik, kardiojarrohlik, qabul-diagnostika kabi bo`limlar, kunlik 100 qatnovga mo`ljallangan poliklinika faoliyati yo`lga qo`yildi. Germaniya, Rossiya kabi davlatlarda tahsil olgan malakali shifokorlar ishga jalb qilindi. Ular o`z tajribasi va bilimlarini viloyatdagi hamkasblariga ham o`rgatadi.
Markazda koronarografiya, ventrikulografiya, tomirlar angiografiyasi, koronar tomirlarni stenlash, ballonli valvuloplastika, bo`lmachalararo va qorinchalararo to`siq nuqsonlarini okklyuder yordamida bartaraf etish, aortakoronar shuntlash, yurak orttirilgan nuqsonlaridan klapanlarni protezlash, aorta va uning shoxlarida, yurak tug`ma nuqsonlarida qilinadigan jarrohlik amaliyotlari bajariladi. Bu tibbiyot turizmi rivojlanishiga ham hissa qo`shadi.
Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya markazi filiali ham Qashqadaryo uchun juda zarur edi.
Shu paytgacha bunday tibbiy xizmati viloyat endokrinologiya dispanserida ko`rsatilib, jihozlari, davolash tizimi eskicha edi.

Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan 150 o`rinli yangi shifoxona endokrinologik kasalliklarni profilaktika qilish va samarali davolashga xizmat qiladi. Bu erda yiliga 700-800 jarrohlik amaliyotini o`tkazish mumkin.
Yangiliklardan yana biri – Diabet maktabi faoliyati yo`lga qo`yilgani. Mazkur maktabda malakali hamshiralar qandli diabetga chalingan bemorlarga o`z-o`zini nazorat qilish, kasallikning kelib chiqish omillari, uning oldini olish yo`llari, bolalarga esa non birligiga asosan to`g`ri ovqatlanish tartibi o`rgatiladi.
- Bu markazlar boshqa shifoxonalarga namuna bo`lishi kerak. Faqat kasallarni davolash bilan cheklanmasdan, o`z yo`nalishi bo`yicha xastaliklarning oldini olish, buning uchun aholining tibbiy madaniyatini oshirish zarur, - dedi Shavkat Mirziyoev.
Prezidentimiz mazkur tibbiyot muassasalariga malakali mutaxassislarni jalb qilish, aholiga tibbiy xizmat ko`rsatish qamrovi va sifatini yanada oshirish yuzasidan topshiriqlar berdi.






