Andijon viloyatining Qo`rg`ontepa tumanida yashovchi Bahromjon Mamadaliev eski uyining pol qismini buzayotib, temir sandiqda bo`lgan, marhum otasi Tursunali Mamadalievga tegishli 1 dona IJ rusumli ov miltig`ini topib oldi. Bu haqda "Xalq so`zi" xabar berdi.
Tabiiyki, uning xayoliga kelgan birinchi fikr qurolni sotish orqali keladigan katta daromad bo`ldi. So`ng ichki ishlar bo`limi xodimlari tomonidan olib borilgan profilaktik tadbir davomidagi tushuntirish ishlarini esladi. O`shanda ular tegishli ruxsatnomasiz o`qotar qurol, o`q-dorilar, portlovchi moddalar yoki portlatish qurilmalariga qonunga xilof ravishda egalik qilish Jinoyat kodeksining 248-moddasi bilan nazarda tutilgan jinoiy javobgarlikka tortilishga sabab bo`lishini aytib o`tgandi.
Biroq, shu moddaning 3-qismida "Ushbu moddada nazarda tutilgan buyumlarni o`z ixtiyori bilan topshirgan shaxs javobgarlikdan ozod qilinadi", deyilganligini ham yaxshi esladi. Buni anglab etgan Bahromjon shu zahoti tuman ichki ishlar bo`limiga murojaat etib, ov qurolini o`z ixtiyori bilan topshirdi.
"Tuman ichki ishlar bo`limi xodimlari tomonidan mavzuga doir profilaktik tadbirlar yil davomida o`tkazib kelinmoqda. Olib borilgan tushuntirish ishlari samarasi tufayli shu kungacha 5 nafar fuqaro o`z ixtiyori bilan noqonuniy saqlab kelinayotgan qurollarni topshirdi", - deydi tuman ichki ishlar bo`limi boshlig`ining o`rinbosari Sanjarbek Solijonov.






