E`tibor bersangiz, eri urgan ayollar ko`kargan, qizargan, bo`zargan yuzini iloji boricha ro`mol, upa-elik, quyosh bo`lmasa-da, oftobdan himoya qiluvchi ko`zoynak bilan yashirishadi. Harakatlari besamarligini bilsalar-da, o`zlaricha og`zaki bahonalar o`ylab topishadi. Bu jarohatlar farzandlarining qalbiga, ruhiga salbiy ta`sir qilmasligi uchun: “Otang aslida yaxshi inson. Faqat sal jahldor. Sal narsaga jahli chiqib ketadi”, deydi. Lekin oilani muqaddas saqlashga faqat ayolning jasorati kifoya qiladimi? Ayollar oilasining “siri”ni qanchalik yashirmasin, zo`ravonliklarga chidamasin, sabr qilmasin, doimiy janjallarning salbiy oqibatlari turli jinoyatlarda fosh bo`lmoqda.
"Og`ir va o`ta og`ir jinoyatlarning 40 foizi oilalarda"
Islomiddin Xalilov, Ichki ishlar vazirligining Jinoyatlar profilaktikasi bosh boshqarmasi boshlig`i:
Og`ir va o`ta og`ir turdagi qasddan odam o`ldirish, qasddan tan jarohati etkazish kabi jinoyatlarning 40 foizi oilalarda sodir bo`lyapti. Joriy yilning o`tgan davri mobaynida ana shu turdagi jami 369 jinoyat sodir etilgan bo`lib, ulardan 144 tasi oila, turmush doirasida kuzatilgan qotilliklardir. Ushbu jinoyatlarning sababi o`rganilganda, buoilalarda doimiy janjallar bo`lib kelgani aniqlangan.
Dunyo bo`yicha esa...
Ichki ishlar vazirligining vakili aytgan raqamlar jahon miqyosida yanada ko`p ko`rsatkichlarni tashkil etadi. BMT ma`lumotlariga ko`ra, har uchinchi ayol oilada zo`ravonlikdan aziyat chekmoqda. Shu sabab ham BMT tomonidan 25 noyabr — Xalqaro xotin-qizlarga nisbatan zo`ravonlikni bartaraf etish kuni deb e`lon qilingan. Ushbu sana munosabati bilan ayolga nisbatan qilinayotgan zo`ravonlikka butun jamoatchilikning e`tiborini qaratish maqsadida, har yili 16 kun mobaynida aksiya tashkil etiladi. Jumladan, O`zbekistonda ham.
Zo`ravonlikka qarshi fotoko`rgazma
Poytaxtdagi “Ilhom” teatrida 30 noyabrdan 2 dekabrga qadar ayollarga nisbatan qilinayotgan zo`ravonliklarga qarshi kurashishni targ`ib qiluvchi fotosuratlar ko`rgazmasi tashkil etildi. Ota-onasidan, hattoki, farzandlaridan kaltak izlarini yashirgan ayollar, ko`rgazma uchun suratga tushmasligi aniq. Shu sabab zo`ravonlikning mudhish ko`rinishini suratlarda aks ettirish uchun mamlakatimizning taniqli xotin-qizlari taklif etildi. Ular orasida vatandoshimiz, rossiyalik tadbirkor Alisher Usmonovning jiyani Ganya Usmanova, aktrisa Shahzoda Matchonova, qo`shiqchi NilufarUsmonova hamda taniqli modellar bor.
“Ehtiyotqiling, nozik” ko`rgazmasining muallifi Axror Abdurahmanov. Ko`rgazmada 18 nafar ayol ishtirok etdi. Loyiha ishtirokchilari mamlakatimiz ayollariga bu ko`rgazmalar orqali illatlarga qarshi jim turmaslikka chorlaydi.

Nilufar Usmonova, qo`shiqchi: "Hayot rishtalarini uzmasligi kerak"
— Xudoga shukrki, dinimizda ayollar zaifa sifatida ardoqlangan. Hamma og`ir ishlar erkaklarga, engil vazifalar ayollarga buyurilgan. Ushbu ko`rgazma insonlarni bir-biriga qo`l ko`tarmasligi uchun taqdim etildi. Oilada ayol shunday vaziyatga tushsa ham birdaniga hayot rishtalarini uzmasligi kerak. Avvalo, o`zining xatti-harakatlarini tahlil qilishi, fe`lidagi illatlarni anglab, to`g`rilasa va erkak ham vijdonli bo`lsa, hammasi yaxshi bo`ladi. Ayol chiroyli muomalada bo`lsa, erkak ham qo`liga erk bermay xotinining dardini tinglasa, ikkisi bir-birini tushunsa hayotda bunday zo`ravonliklar bo`lmaydi.

Shahzoda Matchonova, aktrisa: "Jismoniy jarohatlar ketar, ammo..."
— Yuzdagi bu jarohatlar ketar, ammo qalbdagi jarohatlar bir umr ketmasligi aniq. Nahotki, erkaklar bu haqda o`ylashmaydi. Bunday zo`ravonliklaridan keyin ayolining ko`nglida nafrat uyg`onmaydimi? “Qush uyasida ko`rganini qiladi”. Erkak kishi o`g`li o`zidan andoza olishini hamo` ylashi kerak.
Navbahor IMAMOVA, “Amerika ovozi” muxbiri: "Zo`ravonlik sodir bo`layotgan oilaning nimasi muqaddas?"
— "Oila muqaddas", "Oila buyuk dargoh" deb ko`p takrorlanadi. Aksariyat ayollar ongiga ham shu singib qolganidan uyidagi bor muammodan ko`z yummoqda. Ayting-chi, uyida zo`ravonlik sodir bo`layotgan oilaning nimasi muqaddas? O`zbekistonda ayollarga nisbatan zo`ravonlikning oldini olish bilan bog`liq muammolarni hal qilishda, eng avvalo, qonun ustuvorligini ta`minlash, iqtisodiy masalalarni hal qilish kerak, degan fikrdaman.

Husnora Shadieva, bloger: "Illatlar farzandlar fe`lida namoyon bo`lmasligi kerak"
— Bu niqobda janjal sodir bo`layotgan oilaga tushib qolgandek bo`ldim. Shuncha kaltakdan so`ng ham ayollar nega jim turishadi? Buni balki oilaning “siri”, deya yashirishga harakat qilishar. Lekin bundan bolalari ham jabr ko`rmoqda-ku! Menimcha, bunday zo`ravonlikka faqat o`ziga ishonmaydigan, aytaylik, bolalari bilan ko`chada qolib ketishga qo`rqadigan ayolgina chidashi mumkin. Bunga qarshi kurashish uchun, ayol o`zida kuch topishi kerak. Oilaning buzilishi tarafdori emasman. Lekin bunday zo`ravonlarni jilovlab qo`yadigan tegishli tashkilotlarning ishlarini yanada kuchaytirish kerak. O`zbekiston Xotin-qizlar qo`mitasi bu borada sezilarli harakatlarni amalga oshiryapti, albatta. Illatlarning farzandlar fe`lida namoyon bo`lmasligi uchun ham, bunday hollarda ayollar jim turmasligi kerak. Tegishli tashkilotlar esa ularni himoya qilishi lozim.
Xulosa
Albatta, ko`rgazmada namoyish etilgan BU suratlardan zavq olasiz, deya olmaymiz. Suratlardagi ayollarning baxtsiz ko`zlarini ko`rib siqilasiz, ezilasiz, boshingizga og`riq kiradi. Ammo ba`zi erkaklarning bundan xulosa chiqarishiga umid qilamiz. Shu o`rinda zo`ravonlikdan jabr chekayotgan ayollarga ma`lumot tariqasida O`zbekiston Xotin-qizlar qo`mitasi tomonidan tashkil etilib, 24 soat xizmat ko`rsatayotgan — 1146 ishonch raqamini yana bir bor eslatib o`tishni joiz bildik.
Inobat Ernazarova,
Suratlarni Rinat Karimov tasvirga olgan















