AsosiyJinoyat

Farg`onada 11 kishidan iborat "zamonaviy qaroqchilar"ga hukm o`qildi

'Farg`onada 11 kishidan iborat "zamonaviy qaroqchilar"ga hukm o`qildi'ning rasmi

Jinoyat ishlari bo`yicha Marg`ilon shahar sudi tomonidan 11 kishidan iborat "zamonaviy qaroqchilar" – jinoiy guruh a`zolariga nisbatan hukm o`qildi. Bu haqda O`zA xabar bermoqda.

Bu jinoiy guruh transport vositasida Andijon-Toshkent-Andijon yo`nalishida yo`lovchi va moddiy qimmatliklar tashuvchi haydovchilarga nisbatan bosqinchilik qilish, shu yo`l bilan osongina boylikka ega chiqishni rejalashtirgan edi. Mazkur jinoiy guruh a`zolari o`rtasida vazifalar taqsimlangan bo`lib, kimdir jinoyat sodir etish qurollari va vositalarini tayyorlab berish, yana kimdir esa avtomashinalarning harakatlanish vaqti haqida xabar berib turish, qolganlari esa bevosita jinoyatni bajarish bilan shug`ullanib kelgan. Eng achinarlisi shuki, ular orasidan 1 nafari ichki ishlar idorasi, 2 nafari esa davlat soliq inspeksiyasining sobiq xodimlaridir.

Andijon viloyati Qorasuv shahrilik Doniyor Yuldashev ilgari og`ir jinoyatini sodir etganligi uchun sudlangan. U jinoyat sodir etishga moyil bo`lgan boshqa shaxslar bilan oldindan til biriktirib, transport vositasida Andijon-Toshkent-Andijon yo`nalishida yo`lovchi va moddiy qimmatliklar tashuvchi haydovchilarni aniqlab, ularning harakatlanish yo`nalishlari va transport vositasiga joylashtirilgan moddiy qimmatliklar haqida jinoyatning boshqa ishtirokchi (bajaruvchi va yordamchilar)lariga ma`lumot berib, ular tomonidan bosqinchilik yo`li bilan qo`lga kiritilgan moddiy qimmatliklardan ulush olishni rejalashtirgan.

2018 yil 4 may kuni jinoiy harakatni amalga oshirish uchun oldindan reja tuziladi. R. Hakimov "Afzal" degan shaxs bilan uchrashib, Andijon viloyati Qo`rg`ontepa tumanida yashovchi D.Mamato`raev o`zining boshqaruvidagi "Lacetti" rusumli transport vositasida Toshkent - Andijon yo`nalishida katta miqdorda pul olib kelishi mumkinligi haqida ma`lumot beradi.

Bundan tashqari, u ilgari og`ir (bosqinchilik) jinoyatini sodir etganligi uchun sudlangan L.Isomiddinov va boshqalar bilan uchrashib, ularga Qo`rg`ontepa tumani Qorasuv shahrida yashovchi M.Ismoilov o`zining boshqaruvidagi "Lacetti" rusumli transport vositasida 2018 yil 20 may kuni tunda Toshkent – Qorasuv yo`nalishida pul olib kelishi mumkinligi haqida ma`lumot bergan.

"Katta o`lja"ning "hidini olgan" R.Hakimov D.Yuldashevning tashabbusini amalga oshirish maqsadida akasi B.Hakimov va F.Bektashev, J.Ahmadjonov, J.Tojimahammatov, Q.Latipov bilan jinoyatni amalga oshirish uchun qora maska, qo`lqop, yog`och va rezina tayoqlar bilan qurollanib, Toshkentdan kelayotgan "o`lja"ni poylashga tushishadi.

3 maydan 4 mayga o`tar kechasi jinoiy guruh a`zolari har biri o`z vazifalarini "sidqidildan" bajarib, D.Mamato`raev boshqaruvidagi "Lacetti"ni to`xtatib, haydovchi va yo`lovchilarga hujum qilishadi. Ularni qo`rqitishib, transport vositasining orqa-yon oynalarini o`zlaridagi yog`och va rezina tayoqlar bilan urib sindirishadi. Haydovchi va yo`lovchilarni transport vositasidan tushirib yuborishib, "Lacetti"ni olib qochishadi.

Shundan so`ng, olib qochilgan "Lacetti"ni bir necha kilometr boshqarib borishib, Farg`ona viloyati Oltiariq tumani Uch uy-Qiziltepa avtomobil yo`lining 3-kilometrida to`xtashadi. Eshik va yukxonadagi plastmassa qoplamalarni ko`chirishib, avtomobil salonidan "o`lja"ni axtarishadi. Lekin o`zlari kutganidek, pulni topolmay, mashinani shu joyda qoldirishib, o`z mashinalarida voqea joyidan yashirinishadi.

Shuningdek, L.Isomiddinov, F.Yuldashev, I.Zokirov va Sh.Sobirov 20 may kuni tungi vaqtda "Toshkent – Qorasuv" yo`nalishida harakatlanayotgan M.Ismoilov boshqaruvidagi "Lacetti" rusumli transport vositasida bo`lishi mumkin bo`lgan moddiy qimmatlik (pul)ni bosqinchilik yo`li bilan egallamoqchi bo`ldi. Jinoyat izini yo`qotish maqsadida andijonlik Yo.E.ga tegishli bo`lgan "MAZ-504V" rusumli transport vositasining davlat raqam belgisini F.B. boshqaruvidagi "Lacetti" avtomobiliga “yopishtirib” olishadi. Ularning bosqinchilik jinoyatini sodir etishlari o`zlariga bog`liq bo`lmagan holatlariga ko`ra sodir etilishi boshlangunga qadar tayyorgarlik ko`rish bosqichida to`xtatilgan. Bo`z tuman IIB xodimlari tomonidan ular qo`lga olingan.

Xalqimizda "Buzoqning yugurgani somonxonagacha" degan naql bor. Tergov jarayonida "qaroqchilar"ning boshqa qilmishlari ham yuz ko`rsata boshladi. Xullas, barcha dalillar asosida bu yigitlarning qilmishlari fosh bo`ldi. Jinoyat ishlari bo`yicha Marg`ilon shahar sudida M. Ibragimov raisligida mazkur jinoyat ishi adolatli ko`rib chiqilib, sudlanuvchilarga nisbatan hukm o`qildi. D. Yuldashevga 11 yil, boshqa sudlanuvchilarga ham turli muddatlarga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Sudlanuvchilarning surishtiruv va dastlabki tergov harakatlari davomida huquqni muhofaza qiluvchi idoralar xodimlari tomonidan jismoniy va ruhiy tazyiq o`tkazilgani haqidagi vajlariga sudda, mazkur jinoyat ishi yuzasidan surishtiruv va tergov harakatlarini olib borgan IIB xodimlarini so`roq qilish va sud-tibbiy ekspertiza tayinlash yo`li bilan aniqlik kiritilib, bartaraf qilindi. Natijada, ularning vajlari tasdiqlanmadi. Maqbul dalillar - tergov harakatlari video tasviri tushirilgan o`n uch dona kompakt diskdagi videoyozuvlar sudda taraflar, sudlanuvchilar va ularning yaqin qarindoshlari, sud zalida hozir bo`lgan boshqa shaxslar ishtirokida to`liq ko`rib chiqildi. Sudga raislik qiluvchi tomonidan sud tomonidan qabul qilingan qaror yuzasidan batafsil tushuntirish berildi.

Lekin bizni boshqa jihatlar o`yga toldiradi. Ular jazoni o`tab ham kelishar, ozodlikka chiqib, oilasi bag`riga qaytishar ham. Ammo ular yuzini qora qilib, manglayiga tushgan "qaroqchi", "bosqinchi" degan tamg`adan qanday qutulishadi? El-yurt, mahalla-ko`y oldida, farzandlari, nevaralari qoshida nima degan odam bo`lishadi?

    Boshqa yangiliklar