Oliy Majlis Qonunchilik palatasining yaqinda bo`lib o`tgan majlisida «2019 yilga byudjet-soliq siyosati Konsepsiyasi va 2020-2021 yillarga prognoz mo`ljallari qabul qilinishi munosabati bilan O`zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish to`g`risida»gi O`zbekiston Respublikasi qonuni loyihasi deputatlarning jiddiy e`tiroziga sabab bo`lgani haqida xabar bergandik.
Qonunchilik palatasi Matbuot xizmatining xabar berishicha, 2019 yilgi byudjet va soliq siyosatining asosiy yo`nalishlari Konsepsiyasiga muvofiq ishlab chiqilgan mazkur loyiha parlament quyi palatasining qo`mitalari, fraksiyalarida bo`lib o`tgan muhokamalarda ham, yalpi majlisda ham deputatlarning bir qator savol va e`tirozlarini keltirib chiqargandi.
Muhokamalar yakuniga ko`ra, ushbu loyiha bo`yicha mas`ul bo`lgan Byudjet va iqtisodiy islohotlar qo`mitasiga Hukumat vakillari, tegishli vazirlik va idoralarning mutaxassislarini jalb etib, deputatlar ko`targan masalalarning echimini topish topshirilgan edi.
2018 yil 11 dekabr kuni esa parlament quyi palatasining navbatdagi majlisida ushbu qonun loyihasi qayta ko`rib chiqildi.
Mas`ul qo`mitaning qonun loyihasi ustida olib borgan ishlari yuzasidan axboroti eshitildi.
Ta`kidlandiki, eng avvalo, Hukumat tomonidan kiritilgan qonun loyihasining nomi uning mazmuniga moslashtirildi, ya`ni «Soliq va byudjet siyosatining 2019 yilga mo`ljallangan asosiy yo`nalishlari qabul qilinganligi munosabati bilan O`zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish to`g`risida» deb o`zgartirildi.
Qonun loyihasida Soliq kodeksining 22-moddasida soliqlar va boshqa majburiy to`lovlarni to`lagandan keyin xususiy korxona mulkdori, oilaviy korxona ishtirokchisi hamda fermer xo`jaligi ixtiyorida qoladigan daromadlaridan olinadigan dividendlardan soliq ushlashni bekor qilish taklif etilgan edi.
Qizg`in muhokamalardan so`ng ishchi guruh tomonidan ushbu masala yanada chuqur tahlil qilinib, tadbirkorlikka alohida e`tibor qaratilishi inobatga olingan holda, amaldagi tartib saqlab qolindi. Ya`ni, ko`rsatib o`tilgan sub`ektlarning dividendiga soliq solishni nazarda tutuvchi norma olib tashlandi.
Mazkur kodeksning 681-moddasi — «Soliq to`lovchilarni pasportlashtirish» bo`yicha deputatlar va mutaxasislarning uzoq muhokamalaridan so`ng, soliq to`lovchilarning manfaatlarini hisobga olib, mazkur modda soddalashtirildi. Pasportlashtirish jarayonining davriyligi belgilab qo`yildi, ya`ni, uni har yili emas, balki uch yilda bir marotaba o`tkazish belgilandi. Shuningdek, soliq to`lovchilarni pasportlashtirish natijasida tuzilgan dalolatnoma soliqlar va boshqa majburiy to`lovlarni hisoblashga asos bo`lishiga doir norma, shuningdek, bu jarayonga huquqni muhofaza qilish idoralarini jalb etishga oid norma chiqarib tashlandi. Muhokamalarda ishchi guruh tomonidan alohida ta`kidlandiki, pasportlashtirish jarayoni tadbirkorlarning moliyaviy-xo`jalik faoliyatiga aralashuvlarni nazarda tutmaydi.
Ushbu kodeksda belgilanayotgan «Mavzuli ekspress o`rganishlar», «Xronometraj ko`zdan kechirish», taftish o`tkazish, tekshirish singari soliq nazoratining shakllari qaytadan ko`rib chiqilib, yanada takomillashtirildi. Ularning aniq sub`ektlari ko`rsatib o`tildi va Kodeksning to`g`ridan-to`g`ri amal qilish ustuvorligi ta`minlandi.
Yakka tartibdagi tadbirkorlar faoliyatini tugatish bilan bog`liq yakuniy tekshiruv faqat yagona soliq to`lovi to`lovchisi – yakka tartibdagi tadbirkorga tatbiq etilishi aniq ko`rsatib o`tildi. Bu esa, o`z navbatida, soliq organlari oldida turgan vazifa – soliq tushumlarining to`liqligini ta`minlashga qaratiladi.
Byudjet kodeksining 71-moddasida Mahalliy ijro etuvchi hokimiyatlarning mustaqilligini yanada oshirish, ularning tuzilmasini takomillashtirish, xodimlari ish samaradorligini oshirishda ularga yuklatiladigan vazifalar, mas`uliyat hajmiga mos ravishda moddiy rag`batlantirish tartibini mustaqil belgilash maqsadida mahalliy byudjetlardan moliyalashtirish nazarda tutilgan edi. Shular qatorida qonun loyihasida O`zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi tasarrufidagi hududiy bo`linmalar va unitar korxonalarning xarajatlarini hududlar byudjetlari hisobidan moliyalashtirish taklif etilgan edi. Lekin ommaviy axborot vositalarining «to`rtinchi hokimiyat» o`laroq, iqtisodiy mustaqilligini ta`minlash, mahalliy ijro etuvchi hokimiyatlarga bog`lanib qolmasligi hamda yuz berayotgan jarayonlarga xolisona munosabat bildirishi zaruratini inobatga olgan holda, O`zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi tasarrufidagi hududiy bo`linmalar va unitar korxonalarning xarajatlarini amaldagi respublika byudjetlaridan moliyalashtirish tartibi saqlab qolindi.
Muhokamalar davomida boshqa bir qator normalar ham soliq to`lovchilar manfaatidan kelib chiqib, qayta ko`rib chiqildi.
O`ta qizg`in va amaliy ruhda kechgan munozaralardan so`ng qonun loyihasi qabul qilindi.
Shuning bilan Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi o`z ishini yakunladi.






