Toshkent viloyatida O`zbekiston Respublikasi Oliy sudi tomonidan qator sayyor qabullar o`tkazildi. Bu haqda O`zA xabar bermoqda.
Sayyor qabullarda Oliy sud ishchi guruhi tomonidan fuqarolar murojaati o`rganilib, zarur huquqiy maslahat berildi. Xususan, Oliy sud raisi o`rinbosari X.Yodgorov boshchiligidagi ishchi guruh tomonidan viloyat va Zangiota tuman Xalq qabulxonasida o`tkazilgan sayyor qabullarda 40 nafar fuqaro murojaati yuzasidan huquqiy tushuntirish berildi.
Sayyor qabullar davomida Jinoyat ishlari bo`yicha Toshkent viloyati sudi bilan hamkorlikda viloyat hududida joylashgan jazoni ijro etish muassasalarida jazo muddatini o`tayotgan mahkumlar bilan uchrashuv ham o`tkazildi. Unda mahkumlarga sud-huquq tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar mazmun-mohiyati haqida ma`lumot berildi.
Shuningdek, ishchi guruh a`zolari Jinoyat ishlari bo`yicha Toshkent viloyati tuman (shahar) sudlari tomonidan 118 nafar mahkumni Jinoyat kodeksining 73- va 74-moddalariga asosan muddatidan ilgari shartli ozod qilish hamda Jinoyat ijroiya kodeksining 113-moddasiga asosan 38 nafar mahkumning jazosi boshqa turdagi jazoga almashtirilib, manzil koloniyalariga o`tkazilishida ishtirok etdi.
Sayyor qabullar jarayonida Jinoyat ishlari bo`yicha Qibray tuman sudi tomonidan Jinoyat kodeksining 223-moddasi 2-qismi “b va v” bandlari bilan ayblangan I.X.ga oid hamda Jinoyat ishlari bo`yicha Oqqo`rg`on tuman sudi tomonidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 1-qismi bilan ayblangan B.B.ga oid jinoyat ishlari ham ko`rib chiqildi. Mazkur jinoyat ishlari yuzasidan etkazilgan moddiy zarar qoplangani sababli sudlanuvchilarga ozodlikdan mahrum qilish bilan bog`liq bo`lmagan jazo tayinlanib, sud zalidan ozod etildi.
Jinoyat ishlari bo`yicha Parkent tuman sudining hukmiga ko`ra, Jinoyat kodeksining 169-moddasi 3-qismi “a” bandi va boshqa moddalari bilan sudlangan U.N.ga oid jinoyat ishi Jinoyat ishlari bo`yicha Toshkent viloyat sudi apellyasiya instansiyasida ko`rib chiqildi. Sud hay`ati U.N.ning yoshi, muqaddam sudlanmagani va mahalla raisining kafolat xatini inobatga olib, unga nisbatan tayinlangan ozodlikdan mahrum qilish jazosini ozodlikni cheklash jazosiga o`zgartirdi. U.N. sud zalidan ozod qilindi.






