AsosiyJamiyat

2019 yilda jinoyatchilikni oldini olishga qaratilgan ish reja loyihasi ishlab chiqildi

'2019 yilda jinoyatchilikni oldini olishga qaratilgan ish reja loyihasi ishlab chiqildi'ning rasmi

Kecha, 4 dekabr kuni Toshkentdagi “Yoshlar ijodiyoti saroyi”da “Mamlakatimizda yoshlar o`rtasida jinoyatchilikni oldini olishning dolzarb masalalari va kelgusidagi vazifalar” mavzusida Respublika amaliy anjumani bo`lib o`tdi.

Anjumanda O`zbekiston yoshlar ittifoqi tomonidan hamkor tashkilotlar bilan birgalikda 2018 yilda jinoyatchilikni oldini olish va huquqbuzarliklar profilaktikasi borasida bajarilgan ishlar, bu borada yo`l qo`yilgan kamchiliklar sarhisob qilindi.

Tadbirda O`zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisining birinchi o`rinbosari – Alisher Sa`dullaev, Oliy Majlis Senati raisi o`rinbosari – Svetlana Artikova, Oliy Sud raisi – Kozimjon Kamilov, Milliy gvardiya qo`mondoni o`rinbosari – Shuhrat Shakirov, Respublika Xotin-qizlar qo`mitasi raisining birinchi o`rinbosari – Zulayho Mahkamova, Fuqarolarni o`zini o`zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo`yicha respublika kengashi raisining birinchi o`rinbosari – Shavkat Javlonov, O`zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisi o`rinbosari Begmat Ochilov, tegishli vazirlik, idora va tashkilotlarning mas`ul xodimlari ishtirok etdi.

Eng ko`p jinoyatlar sodir etilgan viloyatlarda ishlar samaradorligini yanada oshirish zarurligi ta`kidlandi

Yig`ilishda dastlab, O`zbekiston yoshlar ittifoqining “Barchasi o`z qo`lingda!” shiori ostidagi targ`ibot dekadasi va uning doirasida amalga oshirilgan innovasion loyihalar xususida fikr - mulohazalar yuritildi.

Amaliy anjuman davomida jinoyatchilikka qarshi kurashish bo`yicha bajarilgan ishlar tanqidiy tahlil etildi. Ma`ruzachilar tomonidan Andijon, Navoiy hamda Toshkent viloyatlarida ishlar samaradorligini yanada oshirish zarurligi ta`kidlab o`tildi. Shuningdek, mamlakatimizda xotin-qizlar o`rtasida salbiy holatlarning oldini olish borasidagi amalga oshirilgan ishlar va rejalashtirilgan chora-tadbirlar, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olishda jamoatchilik nazoratini kuchaytirishning ahamiyati, yoshlar o`rtasida huquqbuzarlik va jinoyatchilikni oldini olishdagi yutuq va kamchiliklar, ma`naviy tahdidlarning o`zaro ta`siri orqali sodir etilayotgan salbiy holatlar yuzasidan ma`ruzalar tinglandi.

2018 yil mobaynida 386 nafar yoshlar “Yoshlar kafilligi” asosida sud zalidan ozod qilindi

O`zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisining birinchi o`rinbosari Alisher Sa`dullaev Yoshlar ittifoqi tizimida “2018 yil – Yoshlar jinoyatchiligiga qarshi kurashish va huquqbuzarliklar profilaktikasi ishlarini samarali tashkil etish yili” deb e`lon qilinganligi, har oyda yoshlar jinoyatchiligi masalasi hududlardagi hokim o`rinbosarlari, ichki ishlar, mahalla kengashlari rahbarlarining yoshlar masalalari bo`yicha o`rinbosarlari, O`zbekiston yoshlar ittifoqining hududiy Kengashlari raislari ishtirokidagi videoselektor yig`ilishlarida muhokama etilayotganligini ta`kidladi.

Hozirgi kunda respublikamizda jami 12 800 nafardan ziyod notinch oilalar mavjud bo`lib, ularni sog`lomlashtirish choralari ko`rilmoqda. Ta`lim muassasalarida yil davomida 12 ming marta “Davomat” profilaktik tadbirlari o`tkazilib, 4 597 nafar o`quvchilarning darslarga sababsiz kelmaganligi, 820 nafar o`quvchilar muntazam ravishda darslarga qatnashmayotganligi aniqlandi. Ular bilan olib borilgan ishlar natijasida 3 756 nafar o`quvchilar ta`limga qaytarildi.

Anjuman davomidajoriy yilda adashib jinoyat yo`liga kirgan, sodir etgan jinoiy qilmishidan chin ko`ngildan pushaymon bo`lgan 386 nafar yoshlar O`zbekiston yoshlar ittifoqi hududiy Kengashlarining “Yoshlar kafilligi” asosida sud zalidan ozod qilinib, sudlar tomonidan ularga ozodlikdan mahrum qilish bilan bog`liq bo`lmagan jazo turi tayinlanganligi haqida batafsil ma`lumot berildi.

Yoshlar o`rtasidagi jinoyatchilik va huquqbuzarliklarga qarshi amaliy ishlar olib borilsa-da, kamchiliklardan batamom holi bo`la olganimizcha yo`q. Joylarda hali xanuz o`zining echimini kutayotgan muammolar ijobiy hal etilmaganligi sababli yoshlar o`rtasida jinoyatlar umumiy sodir etilgan jinoyatlarning 34,4 foizini tashkil etmoqda. Bu ko`rsatkich esa yo`nalishdagi ishlar sifatini oshirish, hamkorlikni mustahkamlash zarurligini ko`rsatyapti.

Muhokamada kamchiliklarni bartaraf etishga doir takliflar yig`ildi

Muloqotda mazkur sohada kamchiliklarga ham yo`l qo`yilganligi natijasida respublika bo`yicha jami jinoyat sodir etgan 39 132 nafar shaxslarning 13 423 nafarini yoshlar tashkil qilgani, jinoyat sodir etgan yoshlarning Respublika bo`yicha 27,6 foizi ishsiz yoshlar ekanligi bu masalada tegishli rejalar belgilanishi zarurligi alohida qayd etildi. Yalpi yig`ilishdagi ma`ruzalarda ko`tarilgan masalalardan kelib chiqib, yig`ilish qatnashchilari 3 ta guruhga bo`linib, rezolyusiya qabul qilishdi.

1-guruh yoshlar o`rtasida jinoyatchilikni oldini olishga qaratilgan profilaktik chora-tadbirlar, 2-guruh yoshlar o`rtasida salbiy holatlarni barvaqt oldini olishda ommaviy axborot vositalari va jamoatchilik nazorati rolini oshirishga qaratilgan tadbirlar, 3-guruh esa voyaga etmaganlar va yoshlar o`rtasida ruhiy zo`riqishlar va stresslarni keltirib chiqaruvchi omillarni aniqlash va bartaraf etish yuzasidan chora-tadbirlar masalalariga doir takliflarni bildirishdi.

Yalpi yig`ilishdan keyin hududlardan kelgan rahbar xodimlar, vazirlik, idora va tashkilotlar vakillari ishtirokida 2019 yilda jinoyatchilikni oldini olishga qaratilgan ish reja loyihasi ishlab chiqildi. Anjuman so`ngida ishtirokchilarga O`zbekiston yoshlar ittifoqining yoshlar o`rtasida huquqbuzarliklar va jinoyatchilikka qarshi kurashish, suisidni oldini olish va yoshlar siyosatiga doir 3 turdagi qo`llanmalari tarqatildi.

— Bugungi kunda yoshlar jinoyatchiligi 30,4 foizga, voyaga etmaganlar o`rtasidagi jinoyatchilikesa 38,8 foizga kamaygan. Yakunlanib borayotgan yilda Andijon, Navoiy, Toshkent viloyatida ta`lim muassasalaridagi yoshlarning turli jinoyatlarga qo`l urish holatlarining ortishi, joylardagi ta`lim muassasalari o`quvchilari bilan ham etarli darajada ish olib borilmaganligidan dalolat beradi, – deydi O`zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi bo`lim mudiri Akmal Alimov. — Bu kabi kamchiliklar yoshlar masalalari bo`yicha mas`ul to`rtlikya`ni hokimiyat, ichki ishlar, Yoshlar ittifoqi hamda mahalladagi tegishli vakillarning jipslikda ish olib bormayotganligi, alohida faoliyat esa amaliy ishlarning takroriyligi hamda samarasiz yondashuvni keltirib chiqaryapti. Mazkur yig`ilishda to`rtlik hamkorligi mustahkamlanib, 2019 yilgi ish-rejalar ishlab chiqildi.

    Boshqa yangiliklar