O`zbekiston Mudofaa vazirligi tasarrufidagi oliy harbiy ta`lim muassasalarining kursantlari hamda harbiy xizmatchilaridan tarkib topgan «Sharq yulduzi» terma jamoasi Moskvada bo`lib o`tgan «Mudofaa vazirining KVN kubogi» xalqaro festivalida ishtirok etib, 2-o`rinni egalladi, deb xabar qildi Mudofaa vazirligi matbuot xizmati.
Harbiy KVN o`yinidagi g`oliblikni Volsk shahridan bo`lgan «Mahfiy qurol» ayollar jamoasi qo`lga kiritdi.
Ikkinchi o`ringa uch jamoa — O`zbekiston Mudofaa vazirligining «Sharq yulduzi» terma jamoasi, Krasnodarning «Top sekret» hamda Penzaning «Penzalik artileriyachilar» jamoasi munosib deb topildi.
Uchinchi o`ringa Dalnevostok oliy umumqo`shin qo`mondonlik bilim yurtining (Rossiya Federasiyasi) «Ostorojno! DVOKU» jamoasi qo`lga kiritdi.

Umumkiy hisobda KVN finalida sakkkizta jamoa ishtirok etdi. G`oliblarga sovrinni Rossiya Federasiyasi mudofaa vaziri, armiya generali Sergey Shoygu topshirdi.
2 dekabr kuni Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida faxrli o`rinni qo`lga kiritgan hamyurtlarimiz tantanali ravishda kutib olindi. Harbiy orkestr sadolari ostida yig`ilganlar O`zbekiston sharafini munosib himoya qilgan Mudofaa vazirligi terma jamosini qutladilar.
Eslatib o`tamiz, “Sharq yulduzi” terma jamoasi 2017 yilda Moskvada o`tkazilgan «Hamdo`stlik KVN» o`yinlarida birinchi marta ishtirok etib, 3-o`rinni qo`lga kiritgan edi. O`shanda birinchi va ikkinchi o`rinlar mezbon davlat jamoalariga nasib etgan.
O`zbekiston Mudofaa vazirligi terma jamoasi 2018 yilda Qurolli Kuchlar kuch tuzilmalari o`rtasida o`tkazilgan musobaqada birinchi o`rinni qo`lga kiritgan. O`zbekiston KVN Oliy ligasining bu yilgi finaliga yo`llanma olgan.






