O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi qabul qilinganining 26 yilligi oldidan
O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi qabul qilinganining 26 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan “O`zbekiston yoshlari – yangi zamon bunyodkorlari” shiori ostidagi yoshlar festivali Surxondaryo viloyatidan boshlandi.
O`zbekiston yoshlar ittifoqi, Surxondaryo viloyati hokimligi va boshqa mutasaddi tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan tadbir avvalida poytaxtimizdan kelgan deputatlar, tadbirkorlar, yosh olimlar, yozuvchi-shoirlar, kino va teatr aktyorlari, estrada xonandalari, rassom va sportchilardan iborat targ`ibot guruhlari jurnalistlar uchun matbuot anjumani o`tkazdi.

Viloyat hokimi o`rinbosari R.Choriev, O`zbekiston yoshlar ittifoqi markaziy kengashi raisi o`rinbosari B.Ochilov, O`zbekiston xalq artisti M.Azizov va boshqalar Bosh qomusimizda belgilab berilgan huquq va burchlar fuqarolar, jumladan, yosh avlodning Vatanimiz taraqqiyoti yo`lida o`z maqsad va g`oyalarini bekami-ko`st ro`yobga chiqarishi, osoyishta va farovon turmush kechirishi hamda yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirishda muhim omil bo`layotganini ta`kidladi. Yoshlar festivalining maqsad-vazifalari va mazmun-mohiyati xususida atroflicha fikr almashildi.

– Surxondaryo qalbi qaynoq, mehri daryo insonlar yurti, – deydi O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist T.Beknazarov. – Bizning maqsadimiz bevosita xalq ichiga, shijoatkor yoshlar orasiga kirib, ularning qalbini o`rganish, ochiq muloqotga kirishish, yutuq va tashvishlariga sherik bo`lishdir. Bugun voha markazini aylanib, qisqa vaqtda amalga oshirilgan ulkan ishlarga guvoh bo`ldik. Odamlarning ruhiyati, yoshlarning shijoatidan quvondik.

Targ`ibot guruhi a`zolari kunning ikkinchi yarmida Angor, Muzrabot, Qiziriq, Termiz, Jarqo`rg`on tumanlari va Termiz shahrida bo`lib, “Deputat va yoshlar”, “Sud va yoshlar” nomli uchrashuvlar o`tkazdi. “Karera kuni”, “Yoshlar kutubxonasi” loyihalari doirasida qiziqarli tadbirlar tashkil etildi. Harbiy xizmatchilar bilan uchrashuv ham barchada iliq taassurot qoldirdi. Bo`lajak tadbirkorlar uchun biznes sayohat uyushtirilib, “Muvaffaqiyatga erishish sirlari” loyihasi doirasida seminar o`tkazildi. Ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlar va qariyalar holidan xabar olindi.
Festival 24 noyabr kuni Termiz shahridagi muhtasham San`at saroyida “Hokim va yoshlar” uchrashuvi, taniqli san`atkorlar va estrada xonandalari ishtirokidagi gala konsert bilan yakunlanadi.






