O`zbekiston mudofaa vazirining tashabbusi bilan bir guruh yosh ijodkorlar Chirchiq shahridagi harbiy qismlardan biriga tashrif buyurdi, deb xabar berdi Mudofaa vazirligi matbuot xizmati.
15 nafar ijodkor harbiy qismni aylanish chog`ida vertolyotlar hamda tanklar ishtirokida amalga oshirilgan o`quv-jangovar mashg`ulotlarni kuzatdilar. Ayniqsa, 2,5 ming metr balandlikdagi vertolyotdan birin-ketin sakrayotgan parashyutchilarning mahorati barchani lol qoldirdi.
Yosh ijodkorlar uchun ushbu ekskursiyani tashkil etishdan maqsad, O`zbekiston armiyasining salohiyati bilan ularni yaqindan tanishtirish, harbiylar bilan ochiq muloqotlar uyushtirish va harbiy mavzuda asarlar, she`rlar yaratishida ko`maklashishdan iborat edi. Mudofaa vaziri Abdusalom Azizov ijodkor-yoshlar bilan suhbatlashar ekan, yaxshi she`r yoki asar birdan tug`ilmasligini, ammo ushbu taassurotlar qachonlardir yaxshi ijod namunasi yozilishiga turtki bo`lishi mumkinligini ta`kidladi.

Mudofaa vaziri hozirda harbiy-vatanparvarlik haqidagi asarlar deyarli yo`qligini, ayniqsa, jangovar qo`shiqlar nihoyatda kam, borlari ham u qadar ta`sirli emasligini, yillar mobaynida tildan-tilga o`tib kelayotgan saf qo`shiqlari esa o`zining badiiy qiymatini yo`qotganini qayd etib, ijodkorlarga bu borada yordamlarini ayamasliklarini so`radi.
Mehmonlar harbiy xizmatchilar bilan suhbatlar uyushtirdi, ular yashayotgan, ta`lim olayotgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.
“Biz bugun Mudofaa tizimimizning kuch-qudratini o`z ko`zimiz bilan ko`rdik, mamlakatimiz harbiy salohiyati haqida etarlicha taassurot oldik. Mana shu tanishuv davomida meni bir narsa ko`p quvontirdi. Bugun armiya chinakam ma`noda xalq bilan bir tanu bir jon bo`lib bormoqda. Bir paytlar “yopiq qozon” bo`lgan tizimning o`zi bugun bag`ir ochib turibdi. Bu, albatta, yoshlarning Vatanni himoya qilishdek muqaddas burchga yaqinlashtiryapti. Osmondan tartibsevar qushlardek qatorlashib uchib kelayotgan parashyutchi desantchilarning erga omon-eson tushib olishini kiprik qoqmay, nafasni ichga yutmay kuzatdik, ularning mahoratiga tahsinlar aytdik”, — deydi shoir Islomjon Qo`chqorov.
Tashrif yakunida bir dunyo taassurot olgan ijodkorlar keyingi safar yangi ijod namunalari bilan qaytishga va`da berib, hayrlashdilar.






