Farg`ona tumanidagi 25-bolalar musiqa va san`at maktabi eshigiga qulf osilgan, negaki cho`kish va o`pirilish natijasida binoga jiddiy shikast etgan.
Viloyatning chekka hududi Avval qishlog`ida 2013 yilda barpo etilgan mazkur bolalar musiqa va san`at maktabi binosi loyihasi “Farg`onakommunalfuqaroqurilish” mas`uliyati cheklangan jamiyati tomonidan ishlab chiqilgan va qurilish ishlariga 2 milliard 300 million so`mdan ortiq mablag` sarflangan. Bunyodkorlik ishlarini “Chin-A” xususiy firmasi quruvchilari amalga oshirgan. Albatta, ko`rkam va zamonaviy bu binoga barcha havas bilan qaragan edi. Afsuski, bu havas va quvonch uzoqqa cho`zilmadi. Ko`p o`tmay yangi binoda yoriqlar paydo bo`lib, bino cho`ka boshladi. Xo`sh, bunga nima sabab bo`ldi? Maktab hududidagi er osti suvlarining gidrogeologik harakati natijasida asos gruntida o`pirilishlar vujudga kelgan. Shuningdek, sochsimon yoriqlar musiqa zalining bo`ylama va ko`ndalang devorlari kesishgan joylarida ham vujudga kelgan. Viloyat davlat arxitektura-qurilish nazorati inspeksiyasining 2017 yil 13 iyuldagi mazkur maktab binosining texnik holati bo`yicha xulosasida shunday deyiladi: “Avval qishlog`i hududida tiklangan 25-musiqa maktabi atrofidagi asos gruntining er osti buloqlari suvining to`planishi natijasida o`pirilishi tabiiy ofat sifatida qaralishi lozim”.
Er osti suvlari harakatini binoga zararsiz holatga keltirish uchun ochiq drenaj quvuri qazilishi va boshqa konstruktiv tadbirlar amalga oshirilishi bo`yicha mutaxassislar tomonidan tavsiyalar berilgan bo`lib, ayni paytda binodan foydalanilayotgani yo`q.
Mazkur maktab o`quvchilari dars mashg`ulotlarini qishloqdagi transport va xizmat ko`rsatish kasb-hunar kollejining yotoqxonasi binosida vaqtincha o`tamoqda. Bu erga yaqinda Nilufar Boltaboeva yangi rahbar etib tayinlangan ekan. Uning ta`kidlashicha, 200 ga yaqin bola 10 yo`nalishda musiqa va san`at sirlarini o`rganmoqda. O`quvchilar orasida iste`dodli yoshlar ko`p. Fortepiano bo`yicha Jasur Inomjonov 28 aprel – 2 may kunlari Italiyada bo`lib o`tadigan “Open Italy” xalqaro tanlovida ishtirok etadi. Xushnudbek Sotiboldiev, Maryam Tursunalieva, Madina Shermatova kabilar yurtimizdagi tanlovlarda g`olib bo`lgan.
Yangi san`at maskanining mana bunday holatga tushgani barchaning haqli e`tiroziga sabab bo`lmoqda. Maktab ma`muriyati mazkur masala bo`yicha bir qator idoralarga murojaat qilgan. Ammo ulardan hali-hamon amaliy javob yo`q.
Biz hech kimni aybdor sanash niyatida emasmiz. Bu masalada tegishli idoralar o`z xulosasini beradi, albatta. Bizni ko`pchilik ota-onalar qatori bir savol o`yga soladi. Mazkur bolalar musiqa va san`at maskanining keyingi taqdiri nima bo`ladi? Davlatning milliardlab sarflangan puli evaziga qad ko`targan maskan shunday holda cho`kib yotaveradimi? Bu borada mutasaddilardan javob kutib qolamiz, deb yozadi O`zA.






